Oq uy ma'muriyati yuz minglab noqonuniy yosh migrantlarni so’nggi besh yildan beri deportatsiyadan saqlagan, ingliz tilida qisqacha DACA nomi bilan tanilgan dasturini fuqarolar huquqlari faollari noroziligiga qaramay yopishga qaror qildi.
Prezident Donald Tramp farmonni imzoladi, ammo jamoatchilikka Adliya vaziri Jeff Seshns e'lon qildi.
Dastur sobiq Prezident Barak Obama farmoniga ko’ra yaratilgan edi. Dasturni bekor qilish haqidagi farmon darrov amalga oshirilmaydi. Kongressga masala bilan shug’ullanishga vaqt berish uchun uning ijrosi olti oydan keyin kuchga kiradi.
Dastur, asosan, Meksika va Markaziy Amerika mamlakatlaridan kelib qolgan bolalarga AQShda ishlashga, o'qishga va armiyada xizmat qilishga imkon bergan.
"Amerikaga kelmoqchi bo'lgan hammani ham qabul qila olmaymiz", - dedi Seshns.
Agar Kongress prezident farmoniga to'siq qo'yuvchi qonun qabul qilmasa, bu toifadagi muhojirlar kelasi yil mart oyidan boshlab mamlakatdan chiqariladi.
“Qonunchilar bu yoshlarni o’z himoyasiga olib, dasturga davomiy maqom beruvchi qonun qabul qilishi kerak”, - deydi demokrat senator Berni Sanders.
Vakillar palatasi spikeri Pol Rayan ham dasturni saqlab qolish tarafdori.
Salkam 800 ming odamni deportatsiyadan himoya qilib kelgan dastur tarafdorlari bugun Oq uy qarshisida namoyish qilmoqda. Amerikaning boshqa shaharlarida ham namoyishlar bo'lmoqda.
Facebook Forum