Breaking News

Dadaxon Hasan: O’zbekning kuni 4-dekabrdan boshlanadi


“Amerika Ovozi” AQShning Xyuston shahrida mehmon bo’lib turgan taniqli hofiz, siyosiy faol Dadaxon Hasan bilan Skype orqali muloqot qildi. Suhbatning video shakli maqola quyida berilgan.

Odil Ruzaliev (Amerika Ovozi): O’zbekistonda hozirgi jarayonlarga munosabatingiz qanday?

Dadaxon Hasan: Hozir saylovga qizg’in tayyorgarlik ketyapti.

Odil Ruzaliev: Bu galgi saylovlar oldingilaridan farq qiladimi?

Dadaxon Hasan: Bu galgi saylovlar chinakam bo’ladi. O’zbekning kuni 4-dekabrdan boshlanadi deb o’ylayman. O’zbek uchun yorug’ kunlar boshlanadi. Chunki bu nomzod yosh hali, shiddat-shijoatli, kuch-quvvatga to’lgan. Men u kishi bilan ilgari ko’rishganman, suhbat qilganman. Yaxshi prezident bo’lishiga ishonaman. Xalqimiz va Vatanimiz ravnaqi uchun yaxshi kurashadi deb ishonaman.

Odil Ruzaliev: Gap hozir Bosh vazir Shavkat Mirziyoyev haqida ketyaptimi, shundaymi?

Dadaxon Hasan: Ha.

Odil Ruzaliev: Xabaringiz bor, Shavkat Mirziyoyev hukumatda yangi odam emas. Bosh vazir sifatida 13 yilda katta ishlarni qilmagan odamning endi bunga qo’l urishiga ishonasizmi?

Dadaxon Hasan: Bunga sabab bor edi – hokimiyat tepasida Karimov turgan edi. O’lgan odam haqida yomon gapirib bo’lmaydi-yu, lekin ba’zi bir nuqtalarni aytishimga to’g’ri keladi. U zolim odam edi. U kishining yo’liga yurish kerak edi, aytganini qilish kerak edi, izmidan chiqish mumkin emas edi. Shavkatjonga ham shunday bo’lishi mumkin edi.

Odil Ruzaliev: Siz Karimov paytida qanday zulm ko’rdingiz?

Dadaxon Hasan: Men bu mustaqillik uchun kurashganman. Lekin hozir taqiq-ta’qibdaman. “Birlik” Xalq harakatini tuzganman, qo’shiqlar [siyosiy] kuylaganman, lekin mustaqillikka erishilgandan keyin bizga yorug’ kunlar bo’lmadi, bizga qarshi ta’qib kuchaydi. Ko’p marotaba qamaldim, yerto’lalarga tashlandim, kitoblarimni chop etishmayapti. Oxirgi kitobcham 1990-yilda chiqqan, Sovet davrida. Shundan beri ko’p harakat qildim, ammo to’plamim chiqqani yo’q. Qo’shiqlarimni radioda berishmaydi, konsertlarga qo’yishmaydi, televizorga chiqarishmaydi. Mana shu zulm-da!

Dadaxon Hasan bilan Skype orqali intervyu
Dadaxon Hasan bilan Skype orqali intervyu

Odil Ruzaliev: Yaqinda bir necha san’atkor norasmiy taqiqdan ozod bo’ldi. Albatta, ularga taqiq boshqa sabablarga ko’ra qo’yilgan, sizga esa siyosiy faoliyatingiz uchun. Sizga qo’yilgan taqiq olib tashlanishi mumkinmi? Nima deb o’ylaysiz?

Dadaxon Hasan: Endi O’zbekistonga borganimda buni bilaman – taqiqlar turibdimi yoki olib tashlandimi. Yangi prezidentimiz saylansa, olib tashlansa kerak degan umiddaman.

Odil Ruzaliev: Yangilshmasam, O’zbekistonda siyosat bilan shug’ullangan, siyosat haqida kuylagan ijodkor yolg’iz siz bo’lsangiz kerak, shundaymi?

Dadaxon Hasan: Shunday.

Odil Ruzaliev: Nega boshqa chiqmadi deb o’ylaysiz?

Dadaxon Hasan: Bu zamonga bog’liq. Mustamlaka paytida qul edik, koloniya edik. Shunga qarshi kurashdim men. Mustaqillikdan keyin esa zulmga qarshi kurashganday bo’ldim.

Dadaxon Hasan: O’zbekning kuni 4-dekabrdan boshlanadi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:14:22 0:00

Odil Ruzaliev: Mustaqillikka erishdik, ammo mustaqil bo’lmadik dedingiz, shundaymi?

Dadaxon Hasan: Ha, shunday. “Mustaqil bo’ldikku, ozod bo’lmadik” degan qo’shig’im ham bor.

Odil Ruzaliev: Shuni kengroq tushuntirib bering. Qaysi tomondan ozod bo’lmadik?

Dadaxon Hasan: Masalan, [tashqi] viza olish juda qiyin. OVIR vizasini. Xalqimiz juda qo’rqib qolgan. Shoir-yozuvchilarimiz ham “bugun qanaqa she’r yozay ekan deb” o’ylanib qoladi. Ko’pchilik madh etadi. Zamonni madh etadi, prezidentni madh etadi. Maddoh shoirlar, maddoh hofizlarimiz ham bor. Bizda erkin-eminlik yo’q, qafasga tushib qolgandaymiz, demokratiya yo’q. O’zbek ham normal inson, normal millat, erkin-emin yashashi kerak. Matbuotda demokratiya yo’q. Gazetalar chiqadi, lekin hech kim ularni o’qimaydi. Oldingi gazetalar qolmagan.

Odil Ruzaliev: Siz vaziyat o’zgarishiga ishonasizmi?

Dadaxon Hasan: Ishonaman, chunki yangi ko’zaning suvi shirin bo’ladi deyishadi. Shavkatjon so’nggi 10-15 yilda zamonni ko’rdi. Yaxshi ishlar qilishiga ishonaman. O’zbekka demokratiya beradi, matbuotga erkin-eminlik beradi, xorijdagi muxolifat vakillariga darvozani ochadi degan ulug’ umiddaman.

Odil Ruzaliev: O’zgarishlar bo’layotganiga biror nishona bormi?

Dadaxon Hasan: Ba’zi nohaq ishdan olingan rahbarlarni joyiga qayta qo’yayapti ekan. Bir yig’ilishda Shavkat Miromonovich fermerlarga erkinlik berilishi haqida gapiribdi. Faoliyati taqiqlangan san’atkorlarga yo’l ochdi.

Odil Ruzaliev: Xabaringiz bo’lsa, 1-oktabr kuni Qirg’izistonning O’zbekiston bilan chegaradosh uch viloyati rahbarlari O’zbekistonning Farg’ona vodiysidagi uch viloyati hokimlari bilan Andijonda uchrashib, munosabatlarni yaxshilash haqida gaplashdi. Sizningcha, bunday uchrashuvlarni Karimov paytida tasavvur qilish mumkinmidi?

Dadaxon Hasan: Mumkin emas edi. U kishi [Karimov] hammayoqni chegaralab qo’ygan edi, chegaralarga minalar qo’ydirgan edi. Prezidentlar bilan ham teskari edi, yaxshi emas edi. Sovet davrida O’rta Osiyoda viza yo’q edi. Tojikiston, Qirg’iziston, Turkmaniston bilan viza bo’ldi. Shu vizalarning boshida Islom Karimov turgan edi-da. Ilgari poyezdlarimiz Tojikiston orqali o’tardi. Leninobod [hozirgi Xo’jand] orqali o’tardi. To’xtatildi. Shaxsiy munosabatlar yomon edi bularning [prezidentlarning] o’rtasida.

Odil Ruzaliev: Siz bilan suhbatimizni kuzatib turgan O’zbekistondagi ayrimlar tanqidiy gaplaringizni eshitib, “bular Amerikada o’tirib olib, chet elda o’tirib olib O’zbekistonni yomonlayapti, O’zbekistonni ko’ra olmayapti, ichi qora, vatanfurush, vatangado deb aytishi mumkin. Sizningcha, hozir jamiyat ikkiga bo’linib qolmaganmi – mamlakat ichidagilar bilan tashqaridagilar o’rtasida? Ya’ni tashqaridagilar vatanfurush, vatangado-yu, ammo ichkaridagilar haqiqiy vatanparvar.

Dadaxon Hasan: Bunaqa gaplar noto’g’ri. Xorijdagilar Vatan bilan bog’lanib turibdi, salom-alik qilib turibdi. Ularning Vatani bor. Xorijda bo’lsayam, Vatanni kuylayapti, Vatanga intilyapti. “Mana, yangi prezident saylansa, murojaat qilamiz, Vatanga qaytamiz” deyishyapti. Men buni eshityapman ulardan.

Odil Ruzaliev: Siz muxolifat vakillarini nazarda tutyapsiz, to’g’rimi?

Dadaxon Hasan: Nafaqat muxolifat, xorijdagi hammani.

Odil Ruzaliev: Agar muxolifatchilar bugun O’zbekistonga qaytsa, ulardan nimani kutish mumkin?

Dadaxon Hasan: Yaxshilikni. 20 yil xorijda yurishdi, burnilariga suv kirdi. Vatanning qadrini bildi, Vatanni sog’indi. Endi mana yaxshi prezident kelyapti. Bular bilan muloqot qiladi, birgalashib ishlashadi, Vatanimiz ravnaqi uchun faoliyat yuritishadi deb o’ylayman.

Odil Ruzaliev: Islom Karimovni tanqid qildingiz, ammo Shavkat Mirziyoyev u shaxs bilan ko’p yil yelkama-yelka ishlagan. Havosini olgandir?

Dadaxon Hasan: Havosini olgan bo’lsa ham “asl aynimas” degan gap bor. Asliga qaytadi bu yigit. Bu odamning avlod-ajdodlari yomon emas. Bizning tumanimizga yangi hokim bo’lib kelganida u bilan uchrashib, gaplashganman. 1992-yillarda. Yaxshiligini o’shanda ko’rganman.

“Katta arava qayerga yursa, kichkina arava ham o’sha yerga yuradi” degan gap bor o’zbegimizda. Mirziyoyev Karimovning yo’lini bir oz tutgan bo’lishi mumkin. “Shu kishiga ma’qul bo’lay” deb. Endi, xato bo’ladi. Xatosiz ish bo’lmaydi. Xato qilmagan rahbar yo’q. Hokimiyatni qo’lga olsa, bunaqa zulm qilmaydi deb o’ylayman. Yaxshi gapga ham farishta “omin” deydi, yomon gapga ham. Biz bu insondan faqat yaxshilik kutyapmiz.

Odil Ruzaliev: Endi ijodingiz haqida gaplashsak. Ijod davom etyaptimi?

Dadaxon Hasan: Ha, ijod to’xtamaydi, o’lguncha davom etadi. Yo qo’shiq shaklida yo she’r shaklida. Yaqinda “Turkistonda” degan yangi she’r yozdim.

Odil Ruzaliev: Sizning ijodingizga ta’sir qilgan insonlar kim? Yaqinlaringiz yoki o’tmishdagi shoiru yozuvchilar?

Dadaxon Hasan: Qo’shiqchilikni men Yassaviydan boshlaganman, uning hikmatlarini qo’shiq qilib. Universitetdagi o’qishim davomida Abdulhamid Cho’lponni o’qiganman, uning she’rlari qo’limga tushgan. Usmon Nosirni o’qiganman, Abdulla Qodiriyni. Keyin Erkin Vohidov, og’aynimiz Abdulla Oripov bizga ustoz bo’ldi. Rauf Parpi do’stim mening. Uning she’rlari menga ta’sir qilgan. Yusuf Juma she’rlarining o’ntachasini qo’shiq qilganman. Bular xalqning haqiqiy dardini kuylagan shoirlar.

Odil Ruzaliev: Dadaxon aka, O’zbekistonning tashqi siyosati qanday bo’lishi kerak?

Dadaxon Hasan: Andijon voqealaridan keyin Islom Karimov Amerikadan sal yuz burib, Rossiya, Xitoyga yuzlangan edi. Keyingi paytda, mening nazarimda, Islom Karimov tomonidan Amerikaga e’tibor bo’ldi. Yangi prezidentimiz Amerika bilan albatta yaxshi bo’lishi kerak. Rossiya bilan ham yaxshi bo’lish kerak. Rossiya biqinimizda-da. Rus degani bu peshonamizga yozilgan sho’r. Undan qutulib bo’lmaydi. U bilan yaxshi munosabat qilishimiz kerak. Bo’lmasa Putin fashist odam, undan hamma narsani kutish mumkin. Kiyevni bir haftada olaman, degan bu odam. O’zbekistonni ham ikki haftada olib qo’yishi mumkin-da!

Rossiya gazni bizdan 100 dollarga olib, Yevropaga 400 dollarga sotyapti. Ilgari bunaqamas ediku! Hozir gazimiz Xitoyga ketyapti, Rossiyaga ketyapti. O’zbekda gaz yo’q. Faqat Toshkent shahrida gaz bor. Hatto sobiq prezidenning ona shahri Samarqandda ham gaz yo’q. Viloyat markazlarida ham shu ahvol. Elektr o’chib-yonib turadi. Gaz o’zimizning yurtimizdan, o’zimizning yerimizdan chiqsa, o’zbekning gunohi nima? Farhod GESi butun Markaziy Osiyoni yoritardi. Mustaqil bo’lib o’zbek endi oyog’ini yoqsinmi? Qozoni qaynamayapti o’zbekni. Ishlaydi, ammo haq olmaydi. Fermerdan “nega dehqonlarga maosh bermaysan” deb so’rasam, “haq bo’lishi uchun pul bo’lishi kerak, bankda pul yo’q”, deydi. Fermerga pul berilmasin deb aytilgan ekan. Nima qilsin u, nimani yesin?

Odil Ruzaliev: “Yangi prezidentimiz” deb bir necha marta aytdingiz, Mirziyoyevni nazarda tutib. Lekin hali saylov bo’lgani yo’qku! Mirziyoyevning saylovda g’alaba qozonishiga demak shubha qilmayapsiz? Boshqa nomzodlarchi? Yoki ular shunchaki xo’ja ko’rsingami?

Dadaxon Hasan: Ularning nomzodi nomiga qo’yilgan. Avvalgi saylovda ham shu odamlar nomiga qo'yilgan edi. Ularga 1-2 foiz ovoz berildi. Shuyam markaziy saylov idorasidan beriladi: “bunga ikki foiz ber, mana bunga bir yarim foiz ber” deyiladi. O’tgan prezident saylovida men qatnashganman. Akmal Saidovga ovoz berib qo’ygandim.

Yangi prezidentimiz o’zbek xalqining qiynalganini ko’rdi, peshonasidagi terni ko’rdi, shunga qarab ish qiladi. Islom Karimov olib borgan ishning teskarisini qiladi, xalq farovonligi uchun astoydil kurashadi, deb o’ylayman.

Odil Ruzaliev: Dadaxon aka, Amerikada olti marta bo’libsiz. O’zbekiston Amerikadan nimalarni o’rganishi mumkin?

Dadaxon Hasan: O’zbekiston ko’p narsalarni o’rganishi kerak. Bu yerdagi demokratiyani ko’ring, to’qchilikni aytsangizchi, bu yerdagi farovonlik, madaniyatni ko’ring. Inson erkin-emin bo’lishi kerak, qo’li uzun, tili uzun bo’lishi kerak, istaganini gapirishi, yozishi kerak. Amerikadan mana shularni o’rganish kerak.

Odil Ruzaliev: Til uzunligi o’zbeklarga to’g’ri kelarmikan? Madaniyatiga, tarbiyasiga, diniga?

Dadaxon Hasan: Amerikadayam din bor, masjidlar bor, millionlab musulmonlar bor. Ular ham mana shu sistemada yuribdiku! Namozini qilyapti, machitiga boryapti, hajga boryapti, umraga boryapti. Haqiqiy musulmon mana shu yerda. Ikki qator she’rim bor shu haqda.

“Mag’ribda islom yo’q, ammo musulmon bisyor
Islomi bor Mashriq esa musulmonga zor”.

Bizda islom bor, lekin musulmon yo’q. Bu yerda esa [Amerikada] islom yo’q, ammo hamma musulmonsifat. Madaniyat bor, muomala – musulmon mana shunday bo’lishi kerak.

  • 16x9 Image

    Odil Ro'zaliyev

    Odil AQShning Tafts Universitetida (Tufts University) magistrlik darajasini olgan. Ungacha O'zbekistonda Jahon tillar universitetida tahsil qolgan, Nyu-Yorkdagi Peys universitetida bir yil almashinuv dasturi bo'yicha o'qigan. 

    Odil graduated from the Uzbekistan State World Languages University. Then he was an exchange student at Pace University in New York for one year (1993-1994). He got his Master's degree from Tufts University in Massachusetts in 2004.

XS
SM
MD
LG