Breaking News

AQSh xalq diplomatiyasiga mas'ul rasmiy Toshkentda bo'ldi


Toshkent
Toshkent
AQSh Davlat departamentining Janubiy va Markaziy Osiyo byurosida Xalq diplomatiyasi va jamoatchilik bilan aloqalar bo'limi rahbari Aylin Okonnor (Eileen O'Connor) Toshkentga safar qilib, elchixonadagi hamkasblari va O'zbekiston fuqaro jamiyati vakillari bilan muloqot qilgan.

Uchrashuvlarda Tashqi ishlar vazirligi vakillaridan tashqari maorif va ta'lim bilan bog'liq organlardan ham mutasaddilar ishtirok etgan.

Mushtarak manfaatlar yuzasidan kechgan muzokaralardan keyin, deya bildiradi Davlat departamenti, Okonnor huquq himoyachilari, faollar va nohukumat tashkilotlarning xodimlari bilan ham alohida gaplashgan.
Aylin Okonnor (Eileen O'Connor)
Aylin Okonnor (Eileen O'Connor)


Diplomat boshqaradigan bo'lim asosan Afg'oniston va Pokiston bilan ishlaydi. Endilikda Okonnor va boshqa yuqori lavozimli rasmiylar Markaziy Osiyoga ham e'tiborni oshirayotgani Afg'onistondan qo'shinlar chiqib ketgach, aloqalar o'zgarishidan darak beradi.

O'tgan qariyb 13 yilda Afg'onistondagi urush hamkorlik ortidagi asosiy omil bo'lib keldi. Endi esa Vashington mintaqaviy birdamlik, Yangi Ipak Yo'li va serqirra aloqalar, xususan iqtisodiy, madaniy va ilmiy rishtalar haqida ko'proq gapira boshlagan.

"Amerika Ovozi" bilan suhbatlarda yetakchi diplomatlar shunga urg'u beradiki, Afg'onistonni tark etish AQSh Markaziy Osiyoni unutadi yoki u yerga e'tibor pasayadi degani emas.

Vashington xalq diplomatiyasiga, masalan O'zbekiston va Amerika ahlini bir-biriga yaqinlashtiruvchi loyihalarga ahamiyatni oshiradi, deydi rasmiylar. Aylin Okonnorning safari mana shu maqsadlarni ko'zlaydi.

Lekin Qo'shma Shtatlar bu proyektlar uchun qancha mablag' ajratadi? Kelasi yillarda qanday qadamlar tashlanishi mumkin? Davlat departamenti ham, xarajatlarni tasdiqlovchi Kongress ham Markaziy Osiyoga nisbatan strategiyani qayta ko'rib chiqmoqda.

Davlat kotibi muovinlaridan biri, Qozog'iston, Tojikiston va Turkmanistonda elchilik qilgan, O'zbekistondagi elchixonada ham xizmat qilgan Richard Xougland (Hoagland) "Amerika Ovozi" bilan intervyuda kelajak haqida shunday degan edi:

"Kelasi uch yil uchun reja ustida ishlayapmiz, ya’ni Obama prezidentligining oxirigacha bo’lgan davr… Keskin o’zgarishlar bo’lmaydi. 20 yildan oshibdiki, siyosatimiz zamini o’zgarmagan – AQSh bu davlatlarning suvereniteti va hududiy yaxlitligini quvvatlagan holda ular bilan serqirra hamkorlik tarafdori. Demokratiya, inson huquqlari va fuqaro jamiyatini rivojlantirishda o’z hissamizni qo’shishni istaymiz. Iqtisod va savdo – bular ham juda muhim. Xavfsizlik bobida – qoradori savdosiga qarshi kurash, jinoyatchilik va terrorizmga qarshi birga ishlash – bu ham juda muhim. Bu murakkab sohalarda ham hukumat, ham xalq bilan ishlashni xohlaymiz."
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG