Koronavirus pandemiyasi va shu bilan bog’liq karantin sabab bu yilgi Ramazon hayitida ko’plab hindistonlik musulmon bolalar sovg’a-salomsiz qolishi mumkin. 24-mart kuni joriy etilgan karantin 31-maygacha uzaytirilgan. Bu yilgi hayit bayrami 23-mayga to’g’ri kelyapti. Biroq Dehlida masjidlar yopiq, ommaviy ibodat marosimlari bekor qilingan. Karantin oqibatida ko’p odamlar ishsiz qolgan.
“Otam ishsiz, pulsiz qolgan. Hayitni qanday nishonlaymiz endi”, - deydi 5 yashar Oysha.
2020-yil Dehli musulmonlari uchun omadli kelmadi. Fevral oyida Xajuri Xas rayonida tartibsizliklar yuz berib, kamida 53 odam, aksariyati musulmonlar nobud bo’ldi. Tartibsizliklarga o’tgan yili qabul qilingan fuqarolik haqidagi qonun sabab bo’ldi. Musulmonlar o’zlarini kamsitilgan deb namoyishga chiqib, hind millatchilari qarshilgiga uchradi.
Hozir vaziyat bir oz tinch bo’lsa-da, Bosh vazir Narendra Modining millatchi siyosati ko’p musulmonlarni xavotirga soladi.
“Qo’rquv bizni haligacha tark etgani yo’q. Musulmonlarni kaltaklashgani haligacha ko’z oldimda. Shaharning ayrim rayonlariga borishga qo’rqib qolganmiz”, - deydi Oyshaning bobosi Kaley Xon.
Fevral tartibsizliklari va karantin natijasida Xonning bir o’g’li bozordagi ishidan ayrildi. Ayrim musulmon jamoalar yetakchilari bu yilgi hayitni nishonlamaslikka chaqirmoqda.
“Tartibsizliklar va koronavirusni deb hayit paytida quvonch bo’lmaydi. Yangi kiyim sotib olmaslikka kelishib oldik”, - deydi mahalliy masjid qo’mitasi raisi Tohir Qurayshiy.
Facebook Forum