Breaking News

"Ko'chma umid" - uysiz bolalarga ko'mak ko'rsatuvchi tashkilot


Bolalarga yordam beruvchi tashkilotlar
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:38 0:00

Bolalarga yordam beruvchi tashkilotlar

AQShda 2,5 million uysiz bola bor. Ular mamlakatning har yerida uchraydi. Virjiniya shtatidagi Loudon tumani eng boy hududlardan, ammo bu yerda ham mingdan ortiq bola oila a'zolari bilan ko'chada yashaydi. Ularga yordam qo'lini cho'zayotgan nodavlat tashkilotlar bor.

Uysiz bolalarga yordam berayotgan nodavlat tashkilot, Behzod Muhammadiy
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:29 0:00

Har chorshanba kuni kechqurun tuman markazidagi savdo majmuasiga katta bir avtobus keladi. Uysiz bolalarga yordam beruvchi "Ko'chma umid" (Mobile Hope) nomli nodavlat tashkilotga tegishli.

Avtobus oldida bolalar va ularning ota-onalari navbatda turib, oziq-ovqat, maktab anjomlari, kitoblar va o'yinchoqlar olishadi. Bularning barchasi bepul.

Donna Fortier "Ko'chma umid" tashkilotini to'rt yil avval tashkil qilgan.

U atrofida qiynalayotgan, uysiz yoki birovlarga qaram bo'lib yashayotgan bolalar borligini bilib kechasi uxlolmadi.

Fortier o'tgan yili Inova Loudon kasalxonasidagi ishidan voz kechib, e'tiborini to'liq shu dasturga qaratdi.

"Avvaliga vahima bosdi. Qizim kollejda o'qiydi, o'g'lim maktabda. Qattiq qo'rqdim, lekin orqamga qaraganim yo'q. Bu hayotimdagi eng yaxshi tajriba bo'ldi", - deydi u.

Kasalxona ko'chma klinika vazifasini bajargan avtobusni tashkilotga hadya qildi.

"Har chorshanba kuni kechki payt okrugimizdagi har xil joylarga boramiz. O'rtacha 50-90 bola avtobusimizga kelib bizdan yordam oladi", - deydi tashkilot rahbari.

Ayrimlar yangi, ko'pchilik esa doimiy mijoz. Amparo Diaz singlisi bilan kelgan.

"Do'stlarimizdan eshitdik. Rojdestvo bayramida kelgan edik, ular bizga sovg'alar, oziq-ovqat berdi. Juda yaxshi ish bu", - deydi 11 yoshli qizaloq.

Ayrim ota-onalar inglizcha bilmaydi. Ular uchun ko'ngilli tarjimonlar bor.

Ronda har hafta uch kun oziq-ovqat tarqatishga ko'maklashadi.

"Foydasi bo'lyapti. Chunki ayrim bolalarning ko'rinishi hozir ancha yaxshi, sog'lomroq", - deydi u.

"Ko'chma umid" har oy o'z ofisida savdo kechasini ham o'tkazadi. 200 ga yaqin yoshlar kelib, ehson qilingan kiyim-kechaklar olishadi.

Fortierning navbatdagi orzusi - bolalarga boshpana bo'ladigan va yashash sirlarini o'rgatadigan markaz qurish. U tashkilot ishining boshqa shaharlarga ham kengayib, ko'proq bola yordam olishini istaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG