Breaking News

AQShda Demokratik partiyaning qurultoyi virtual shaklda o'tkaziladi


AQShda Demokratik partiya sobiq vitse-prezident Jo Baydenni prezidentlikka rasman nomzod sifatida tasdiqlash uchun odatda minglab delegatlar ishtirokida o’tadigan partiya qurultoyini koronavirus pandemiyasi sabab virtual shaklda o’tkazishga qaror qildi.

AQShda Demokratlar partiyasining qurultoyi virtual shaklda o'tkaziladi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:09 0:00

“Bu virus haqida unchalik ko’p ma’lumot yo’q, ammo yopiq joyda, odamlar zich joylarda tez tarqalishini bilib oldik. Shu sabab qurultoyni an’anaviy shaklda o’tkazish to’g’ri bo’lmas”, - deydi Brukings instituti tahlil markazidan Ileyn Kamark.

Minglab delegatlar Viskonsin shtatining Miluoki shahriga borishi kerak edi, biroq Miluokiga endi faqat Demokratik partiya rahbariyati borib, virtual qurultoyni o’sha yerdan boshqaradi. Shahardagi professional basketbol arenasi o’rniga qurultoy kichikroq anjuman markaziga ko’chiriladi.

“Tadbir hali ham televideniye orqali uzatiladi, biroq orqa fonda endi 20 ming odamni ko’rmaysiz”, - deydi Kamark.

To’rt kunlik qurultoy jonli efir va oldindan tayyorlangan reportajlardan iborat bo’ladi. Tadbir yakuniga yaqin Jo Bayden rasmiy nomzod sifatida e’lon qilinib, delegatlarga murojaat qiladi.

“Nazarimda, demokratlarning tadbirni rejalashtirishga bo’lgan ishonchi ularga bu ishda yaxshiroq xizmat qiladi. Ya’ni demokratlarda tayyorgarlik uchun vaqt yetarli. Innovatsion texnologiyalarni sinash uchun vaqt bor. Eng zo’r virtual tadbirni uyushtirish uchun kuch va g’ayratini istalgan shaklda ishga solishi mumkin”, - deydi Jorj Vashington universitetidan Lara Braun.

Demokratik partiya qurultoyi dastlab iyul o’rtalariga rejalangan edi, biroq pandemiya sabab aprel oyida 17-avgustga ko’chirishga qaror qilindi. Respublikachilar esa bundan bir hafta oldin to’planib, qurultoyni an’anaviy shaklda o’tkazishni talab qilayotgan Prezident Donald Trampni asosiy nomzod sifatida e’lon qiladi.

“Qurultoy paytida har bir partiya tadbir o’tkazilayotgan joy katta va ishtirokchilarga gavjum bo’lishini, olqishlar, qarsaklar, hayqiriqlar eshitilishini istaydi. Televideniye zamonida bu doim muhim bo’lib kelgan”, - deydi “Amerika tadbirkorlik instituti”dan Jey Kost.

Respublikachilar qurultoyni Shimoliy Karolinada o’tkazmoqchi edi, biroq shtat gubernatori delegatlar niqob taqishi shart deb farmon chiqarganidan so’ng tadbir Floridaning Jeksonvil shahriga ko’chirildi.

“Respublikachilarning qurultoy kunlarida delegatlar bilan rasmiy uchrashuvlarni va namoyishlarni o’tkazish bo’yicha fikri bo’lingan. Muammo shundaki, hozir ular nafaqat tadbirlarni alohida joyda o’tkazishga kelishishga majbur bo’ladi, balki sharoitga tez moslashishiga to’g’ri keladi. Biroq texnologiyalarga kelganda tez moslashish doim yomon natijalarga olib keladi”, - deydi Braun.

Iyun oxirida Jeksonvil shahrida ham ichkarida o’tkaziladigan tadbirlarda niqob taqish buyurildi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG