Breaking News

Ilk debatdan so'ng Xarris reytingini ancha yaxshiladi


Mayamidagi (Florida shtati) debat paytida. Sahnada Bayden, Sanders va Xarris
Mayamidagi (Florida shtati) debat paytida. Sahnada Bayden, Sanders va Xarris

AQShda o’tkazilgan so’nggi ijtimoiy so’rov natijalariga ko’ra, Kaliforniya shtatidan saylangan senator Kamala Xarris o’tgan hafta Floridada o’tkazilgan ilk televizion debatdan so’ng prezidentlikka nomzodlar orasida reytingini ancha yaxshilab oldi.

Debat paytida Xarris poygada oldinda ketayotgan sobiq vitse-prezident Jo Baydenga hujum qilib, uning reytingi tushishiga sabab bo’ldi.

Bayden 1970-yillarda hukumatning o’quvchilarni maktab avtobuslarida irqiga qarab alohida tashish amaliyotiga chek qo’yish harakatlariga qarshi chiqqan edi. O’shanda sobiq vitse-prezident Delaver shtatidan senator, Kamala Xarris esa maktab o’quvchisi bo’lgan.

“Siz irqchilikka tayanib ko’tarilgan qonunchilar bilan hamkorlik qilgansiz”, - dedi qora tanli Xarris Baydenga.

Sobiq senator va vitse-prezident o’sha paytdagi pozitsiyasini oqlashga harakat qildi.

“Men “Ovoz berish huquqlari” haqidagi qonun muddatini 25 yilga uzaytirgan qonunchiman”, - dedi Bayden.

Demokratlardan yagona nomzodlikni qo’lga kiritish uchun ayni paytda to’rtta arbob peshqadam. Bular Bayden, Xarris, Vermont va Massachusetsdan senatorlar Berni Sanders va Elizabet Uorren.

Tahlilchi Jon Fortyening aytishicha, qora tanli saylovchilar Demokratik partiya elektoratining 25 foizini tashkil etadi va shu kungacha ular Jo Baydenni qo’llab-quvvatlab kelayotgan edi.

"Biroq Xarrisning ilk debatdagi muvaffaqiyatli chiqishi unga qora tanli saylovchilar orasida obro’ qozonishga yordam berishi mumkin", - deydi ekspert.

Demokrat nomzodlarning keyingi debati ham ikki kunlik bo’lib, 30-31-iyul kunlari Michigan shtatining Detroyt shahrida o’tkaziladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG