AQShda Demokratlar partiyasidan besh vakil prezidentlikka nomzod. Seshanba kuni ular ilk televizion debatda bellashadi. Nevada shtatining Las-Vegas shahrida. Sobiq davlat kotibi Xillari Klinton so'rovlarda peshqadam. Undan sal ortda Vermont shtatidan senator Berni Sanders.
Xillari Klinton Demokratlar partiyasidan yagona nomzod bo'lishga harakat qilmoqda. U qurol nazoratini kuchaytirishga chaqirmoqda.
“Qotillar qo'lidan o'lgan bolalarning ota-onalari faryod chekmoqda. Ular qurol nazoratini kuchaytirish zarurati haqida baralla fikr bildirmoqda", - deydi Klinton.
Nomzod davlat kotibi bo'lgan paytda xizmat uchun xususiy elektron pochtasidan foydalangani uning reytingini tushirib yubordi.
“Xato ish qildim, tovba qildim. Aybdorman. Ishimni toza olib borishga harakat qilyapman”, - dedi Klinton saylovchilar bilan uchrashuv chog'ida.
Imijini yaxshilash uchun Klinton hajviy teleko'rsatuvda ham qatnashdi.
Klintonning asosiy raqibi senator Berni Sanders ko'plab odamlarni o'ziga qaratmoqda. Hatto, konservativ qarashdagi ayrim saylovchilarni ham.
“Biz insoniyat tarixidagi eng boy mamlakatda yashayapmiz. Biroq amerikaliklarning aksariyati buni bilmaydi, chunki boyliklarimiz, daromadimizning deyarli hammasi aholining eng boy bir foizi hamyoniga tushmoqda", - dedi Sanders.
Vitse-prezidenti Jo Bayden poygaga kirish ustida o'ylanmoqda.
“Prezident saylovida qatnashishdan oldin odam nima uchun prezident bo'lmoqchi ekanini o'zi uchun aniqlab olishi kerak. Shundan so'ng saylovchilarga bu ish bilan samimiy, sidqidildan shug'ullanaman, deb va'da berishi kerak", - deydi u.
Ayrim demokratlar Baydenning poygaga qo'shilishini kutmoqda, deydi tahlilchi Norm Ornstayn.
“Klintonlardan charchagan, Xillari Klintonning elektron pochta mashmashasi sabab unga ovoz berishni istamaydigan demokratlar bor. Ular nazarida Klinton respublikachi nomzod bilan bellasha olmasligi, matbuot hujumlariga dosh berolmasligi, o'z xatosining qurboni bo'lishi mumkin”, - deydi ekspert.
Albatta, demokratlar bundan xavotirda, deydi yana bir tahlilchi Jon Fortye.
“Ularni Xillari Klintondan butunlay norozi deb bo'lmaydi. Ular shunchaki undan boshqa yana bir kuchli nomzodning ham poygada qatnashishini istaydi", - deydi Fortye.
Bayden demokratlarning birinchi teledebatida ishtirok etmaydi. U o'z qarorini yaqin kunlarda e'lon qilishi kutilmoqda.