AQSh prezidentligi uchun Demokratik partiyadan da’vogarlar orasida Berni Sanders yetakchilik qilmoqda. Boshqa nomzodlarning aytishicha, o’zini sotsialist-demokrat deb ta’riflovchi Sanders nomzodlikni qo’lga kiritsa, kuzgi saylovda Donald Trampga boy beradi. Partiyaning progressiv va mo’tadil qanotlari o’rtasida keskin bo’linish mavjud.
Prezidentlikka da’vogarlar orasida o’tgan so’nggi debatda liberal va mo’tadil nomzodlar orasidagi farq yaqqol ko’zga tashlandi.
Senator Berni Sanders o’z kampaniyasining asosiy g’oyasini yana bir eslatdi. Ya’ni xalq hayotini yaxshilashda hukumat kattaroq rol o’ynashi kerak.
“Hozirgi iqtisodiyotimiz xalq uchun emas, boy toifa uchun ishlayapti. Saylovga pul beradiganlar foydasiga ishlaydigan iqtisodiy tizimni o’zgartiramiz”, - deydi Sanders.
Debatda u mo’tadil demokratlarning kuchli hujumiga uchradi. Ularning aytishicha, Berni Sanders kuzgi saylovda Donald Tramp ustidan g’alaba qila olmaydi.
“Oxirgi to’rt yil mamlakat uchun alg’ov-dalg’ov, odamlarni juda charchatib yuborgan davr bo’ldi deb hisoblasangiz, joriy yil Sanders va Tramp o’rtasida tortishuvlar bilan o’tishini bir tasavvur qiling”, - deydi nomzodlardan biri Pit Butejej.
Sanders va uning tarafdorlariga ko’ra, Demokratik partiya 2016-yildan buyon ancha o’zgargan va tobora ko’proq yoshlarni jalb qilmoqda. Saylovchilar ham faollashgan.
“Sanders kuchga to’lib bormoqda. Hech narsaga qaramasdan uni qo’llab-quvvatlovchi tarafdorlari bor. Saralash saylovlari yaxshi natija ko’rsatishi yoki ikkinchi o’rinni olishi mumkin”, - deydi tahlilchi Jon Fortye.
Berni Sanders ehtimoliy nomzod bo’lishidan ayrimlar xavotirda.
“Partiyaviya saylovlar bo’lib o’tgan shtatlarda mo’tadil nomzodlarga ovoz berganlar katta sonni tashkil etadi. Demokratlar yutishi uchun turli toifadagi saylovchilarni birlashtirish kerak”, - deydi siyosatshunos Jim Kessler.
Butejej, sobiq vitse-prezident Jo Bayden, minnesotalik senator Eymi Klobushar va Nyu-York sobiq meri Maykl Blumberg singari mo’tadil demokratlar fikricha, Donald Tramp va uning respublikachi tarafdorlari Sanders nomzodlikni qo’lga kiritishini istaydi.
“Tramp va respublikachilar Sanders tutgan pozitsiyalarni o’ziga qarshi ishlatishadi. Masalan, hammani tibbiy sug’urta bilan bepul ta’minlash taklifini. Respublikachilar uchun Sandersni tanqid qilish oson”, - deydi tahlilchi Metyu Dallek.
Sanders saralash bosqichida yetakchilikni davom ettirishi ehtimoli yuqori, chunki mo’tadil nomzodlardan birortasi yaqqol ajralib turmayapti.
“Hammasining o’z yutuq va kamchiliklari bor. Mo’tadil demokratlar Sandersni mag’lub qilmoqchi bo’lsa, bitta nomzod atrofida birlashishi kerak”, - deydi siyosatshunos Darrel Vest.
Saralash saylovlari hal qiluvchi bosqichga o’tmoqda. Yaqin kunlarda birdaniga o’nlab shtatlarda saylov o’tkaziladi va nomzod bo’lish uchun delegatlar taqsimlanadi.
Facebook Forum