Breaking News

Burkina Fasoda xalq isyon ko'tardi, prezident ishdan ketdi

G'arbiy Afrikadagi davlat, Burkina Fasoda prezident Bleyz Kompraore 27 yillik boshqaruvdan keyin ishdan ketdi. Mamlakatda o'n minglab odamlar namoyishga chiqib, rahbarning iste'fosini talab qilayotgan edi. Chiqishlar qonli tus olgach, kecha armiya parlamentni tarqatib yuborib, muvaffaq hukumat tuzilishini ma'lum qilgan. 1987-yildan beri Burkina Fasoni boshqarayotgan Kompraore sal oldin parlamentda yangi qonunni olg'a surib, hokimiyatda uzoqroq qolishni ko'zlayotgan edi. Omma bundan norozi bo'lib isyon ko'targan. Sobiq rahbar hozir qayerda ekani, o'rniga kim tayinlanishi hali ma'lum emas. Ayrim manbalarda general Luame Loug vaqtli hukumatga bosh bo'lishi mumkin deyilmoqda. Kecha, payshanba kuni poytaxt Uagaduguda odamlar parlamentga o't qo'yib, boshqa davlat idoralariga bostirib kirgan. Politsiyaning aytishicha, o'lganlar va yaradorlar bor. Xalqni tinchlantirish uchun rasmiylar parlamentda olg'a surilgan konstitutsion o'zgarishlarni va bir necha soat oldin e'lon qilingan favqulodda holatni bekor qildi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Pan Gi Mun G'arbiy Afrikadagi bu davlatda vaziyatni xavotir bilan kuzatayapmiz, deydi. Bosh kotib tomonlarni tinchlanishga va zo'ravonlikdan tiyilishga chaqirmoqda.

Ko'proq...

XS
SM
MD
LG