Bugun Donald Tramp prezidentlikka kelganiga olti oy bo'ldi. Amerikaning 45-rahbari shu kungacha nimani epladi? Ko'rsatkichlarga e'tibor qaratsak.
Biznesmendan prezidentga aylangan Tramp ishlaydigan va yashaydigan Oq uy - mashmasha makoni. Reytingi misli ko'rilmagan darajada past. Amerikaliklarning atigi 33 foizi uni quvvatlamoqda. Lekin Tramp sodiq tarafdorlarga ega.
182 kunlik prezident axborot vositalari bilan tinimsiz urushda. Raqiblarini esa doimiy tarzda masxara qilish bilan band. Uning asosiy quroli - "Twitter".
Bu tarmoqdan u Oq uydan turib hozirgacha shaxsan 991 marta yozdi. Omma uning matbuot xizmatidan ko'ra uning tvitlarini ko'proq kuzatadi. Tashqi siyosatmi yoki ichki, shaxsiy masalami yoki xalq hayoti bilan bog'liq, Tramp dardini "Twitter"da to'kib sochishni odat qilgan.
Konkret yutuqlarga kelsak, Tramp Oliy sudga o'zi tanlagan odamini, Nil Gorsichni a'zolikka tayinladi. Gorsich Kongress tasdig'idan o'tib ishga kirishdi.
Prezident sog'liqni saqlash tizimini tubdan isloh qilmoqchi, biroq Barak Obama rahbarligi davrida bu borada qabul qilingan qonunni bekor qildira olmayapti. Usiz oldingi prezident boshlagan islohotlarni to'xtatish mumkin emas.
Oq uydagi kursisida o'tirib Tramp shu kungacha 42 loyihaga imzo chekib, ularni qonunga aylantirdi.
Sakkiz davlatga safar qildi: Saudiya Arabistoni, Isroil, Belgiya, Italiya, Vatikan, Polsha, Germaniya va Fransiya.
47 davlatning rahbari bilan yuzma-yuz muloqot qildi. 102 marta xorijiy liderlar bilan telefonda gaplashdi.
Dam olish kunlarini Oq uyda yoki prezident uchun ajratilgan dala hovlida emas, o'z golf klubida, xususan Florida, Nyu-Jersi va Virjiniya shtatlarida o'tkazdi.
13 bor matbuot anjumani o'tkazdi, aksariyat hollarda chet eldan kelgan rahbarlar bilan yonma-yon. Faqat bir bor o'zi alohida jurnalistlar bilan gaplashdi.
Axborot vositalariga 48 marta intervyu berdi, eng ko'pi "Fox" kanaliga, 13 bor.
Yuqori lavozimlardagi uch kishini ishdan oldi: muvaqqat Adliya vaziri Selli Yets, Davlat xavfsizligi bo'yicha maslahatchi Maykl Flinn va Federal Qidiruv Byurosi direktori Jeyms Komi.
Tramp rahbarligida AQSh ikki xalqaro bitimdan chiqdi: 12 mamlakat ishtirokidagi Trans-Tinch okeani hamkorligi pakti va 2015-yilda global iqlim muhofazasi yuzasidan Parijda erishilgan kelishuv.
Prezidentlikning amaldagi muddati 1279 kundan keyin tugaydi. Tramp 2020-yilda qayta saylanish umidida.
Facebook Forum