Afg’oniston shimolidagi Faryob viloyatida Vitse-prezident Abdul Rashid Do’stum va Balx viloyati hokimi lavozimini vaqtincha egallab turgan Ota Muhammad Nur tarafdorlari to’qnashib, bir odam o’lgan, besh nafari jarohat olgan.
Voqea Maymana shahrida ro’y bergan. Faryob viloyat politsiya boshlig’i Said Og’a Andarabining aytishicha, to’qnashuv namoyish paytida ro’y bergan, tomonlar o’q almashgan.
General Do’stum tarafdorlari vitse-prezidentning portretlari olib tashlanishiga qarshi, Navro’z arafasida esa Balx viloyati ma’muriy markazi Mozori Sharifda yirtib tashlanishiga qarshi namoyish qilgan.
“Jamiyati Islomiy” partiyasiga rahbarlik qilayotgan Ota Muhammad Nur aholini tinchlikka, provokatsion harakatlardan o’zlarini tiyishga chaqirdi, aks holda qattiq choralar ko’rilishi haqida ogohlantirdi.
Hokim tojik millatiga mansub bo’lib, afg’on o’zbeklarining sardori general Do’stumning ko’p yillik raqibi hisoblanadi. Do’stum “Junbushi Milliy” partiyasiga raislik qiladi. Partiya rahbarlaridan biri Azizulla Kargarning aytishicha, Do’stum tarafdorlari tinch namoyishga chiqqan.
Portretlarni kim olib tashlagani, kim yirtgani ma’lum emas.
Do’stum va Nur tarafdorlari 1992-1996-yillardagi fuqarolar urushida bir-biriga qarshi jang qilgan. Tolibon 2001-yilda hokimiyatdan ag’darilgach, to’qnashuv yana ikki yil davom etgan. So’ng 2003-yilda har ikki arbob tarafdorlarining bir qismi BMT tomonidan qurolsizlantirildi va tomonlar murosaga keldi, ammo siyosiy raqobat, hokimiyat uchun kurash to’xtamadi.
O’tgan yili Tolibon shimolga hujum qilganidan so’ng Do’stum va Nur umumiy dushmanga qarshi qisqa muddat birlashdi, biroq bugunga kelib bu ittifoqdan asar ham qolmadi.
Do’stum vakillariga ko’ra, hokim namoyishlarni taqiqlamoqchi bo’ldi va Navro’z kuni tarafdorlarining Mozori Sharifga kirishiga to’sqinlik qildi.
"Mozori Sharifdagi tinch namoyishga qarshi chiqmang, xalq ovozini o’chirishga harakat qilmang. Suv oqimiga qarshi tursangiz, selga aylanishi mumkin”, - deb yozdi o’zining “Facebook”dagi sahifasida Do’stumning matbuot bilan aloqalariga mas’ul maslahatchisi Shahboz Iraj.
Nur vitse-prezidentning Mozori Sharifdagi suratlarini qayta joyiga qo’yishni buyurib, “Facebook”da shunday izoh qoldirdi:
"Bu xavfsizligimizni izdan chiqarmoqchi bo’lganlarning va bezorilarning ishi. Shahrimiz tinchini buzishlariga yo’l qo’ymaymiz”.