Afg’oniston vitse-prezidenti general Abdul Rashid Do’stum Shibirg’on shahrida xotin-qizlar bilan uchrashuvda ularni saylovlarda faol qatnashib, bo’lgusi prezidentni saylashda o’z hissasini qo’shishga chaqirdi.
General Do’stum yoshlarning saylovdagi ishtirokiga hech kim to’siq bo’lmasligi kerakligini ta’kidladi.
“Oldin qurol bilan kurashish payti edi, hozir esa ovoz berish bilan kurashish kerak”, - dedi u.
“Xotin-qizlar birlashib, to’rt oydan keyin bo’ladigan prezident sayloviga tayyorgarlik ko’rsinlar. Balog’at yoshiga to’lgan qizlar ovoz berish uchun ro’yxatdan o’tishi lozim”, - dedi general Do’stum.
General xotin-qizlardan kelajakda umidi katta ekanini aytdi. Suhbat davomida Do’stum hech qanday kuch qizlarning maktab, oliy o’quv yurtlarida o’qishiga to’sqinlik qila olmasligini bildirib, bu yo’lda ularni qo’llab-quvvatlashga va’da berdi.
“Ayollar kelajakdan xavotirda. “Toliblar kelsa, uyimizda o’tiramizmi, bizga maktabda o’qish, oliygohlarga chiqish, xorijga borib tahsil olish uchun ruxsat beriladimi, yo’qmi” degan savollar ularni qiynayapti. 18 yillik yutuqlar barbod bo’lishidan tashvishda. Men Afg’onistoning barcha xonimlari, ayniqsa, Juzjon viloyati ayollari va Junbish partiyasi tarafdorlari bo’lgan xotin-qizlarga bu borada ishonch bilan aytamanki, xavotir olmasinlar”, - dedi Afg’oniston vitse-prezidenti.
Tolibon harakati so’nggi oylarda o’z hujumlarini kuchaytirar ekan, general Do’stum 30 ming tolib shimoliy viloyatlarga kirishga urinayotganini ma’lum qildi.
“Shimoliy viloyatlarga kiradigan toliblar chiqib keta olmay, halok bo’ladi”, - deya ogohlantirdi u.
Tolibon guruhi Do’stumning ushbu ogohlantirishlariga munosabat bildirgani yo’q.
Facebook Forum