Vaqt o'tib, Qirg'iziston janubidagi voqealarga baho berilar ekan, "xunrezliklarni buyurtirgan va rejalagan kimlar" degan savolga haligacha javob yo'q. AQSh Senati sinchkov tergov o'tkazishga chaqirgan, xalqaro huquq tashkilotlari ham mustaqil va xalqaro taftish bo'lsin, demoqda. Kecha Karnegi jamg'armasining Moskvadagi idorasida rossiyalik tahlilchilar ham shu mavzuni muhokama qilgan.
Munozara ishtirokchilaridan biri, "Vremya novostey" gazetasi sharhlovchisi Arkadiy Dubnov nazarida ham Qirg'izistondagi xunrezliklar bo'yicha tergov o'tkazish shart, ammo Rossiya bundan manfaatdor emas.
"Qirg'izistondagi voqealar bo'yicha ham, 2005 yil Andijon voqealari bo'yicha ham tergov o'tkazilishini talab qilish tabiiy albatta. Oldin ham, hozir ham tergovga da'vatlar biror natija beradi, deb o'ylamayman. Bunday chaqiriqlar Rossiyaga qo'l kelmaydi, chunki Andijondagi qirg'in bo'yicha tergovga qarshi chiqqan Kreml qirg'iz masalasida boshqacha ish tutishi mumkin emas", - deydi Dubnov.
Rossiyalik jurnalist prezident Dmitriy Medvedevning Qirg'iziston muvaqqat hukumatiga munosabati bir oz o'zgarganidan hayron.
"Kechagina Vashingtonda prezident Obama bilan uchrashib, Qirg'izistonda referendum orqali muvaqqat hukumatni qonuniylashtirish zarurati haqida so'zlagan Medvedev bugun "parlament tizimi Qirg'izistonda ish bermaydi" deb to'nini teskari kiymoqda. To'g'ri, tizim samarasi haqida gapirishga hali erta, chunki avval parlament saylovlaridan eson-omon o'tib olish zarur", - deydi Dubnov.
Uning fikricha, Qirg'iziston muvaqqat hukumati hali barcha sinovlardan o'tib bo'lmagan.
"Agar Roza Otunbayeva referendum arafasida bergan va'dalari ustidan chiqishni boshlamasa, ya'ni jabrdiydalarga yordam berilib, uylari tiklanmasa, tartibsizliklar yangidan boshlanib, parlament saylovlarigacha yetib bormasligi mumkin", - deydi Arkadiy Dubnov.
Bir vaqtlar "Markaziy Osiyoda demokratiya oroli" deya shuhrat qozongan davlat bugunga kelib bu unvondan ayrilibgina qolmay, repressiv davlatlar qatoriga shiddat bilan qo'shilib bormoqda.
Arkadiy Dubnov qirg'iz xavfsizlik kuchlarining o'zbek jamoalari yetakchilarini qo'lga olib, barcha aybni o'zbeklarga to'nkashga harakat qilishi yangi hukumatning xomligidan dalolat, deydi.
Xunrezliklar tashkilotchilarini Tolibonga bog'lash esa safsatadan boshqa hech narsa emas. Qirg'iziston hukumati bu bilan xalqaro hamjamiyat diqqatini chalg'itmoqchi, deydi Dubnov.
Rossiya prezidenti Dmitriy Medvedev hukumatning zaifligidan diniy va ekstremistik kuchlar foydalanishi mumkin, deya ogohlantirmoqda. Arkadiy Dubnov bu fikrga qo'shiladi.
"Hokimiyat yo'q joyda bo'shliq paydo bo'ladi. Kimki yaxshi uyushgan bo'lsa, o'sha bo'shliqni tezroq to'ldiradi. Jinoiy guruhlar, narkobaronlar, diniy ekstremistlar shular jumlasidan", - deydi rossiyalik tahlilchi.
Arkadiy Dubnov: "Otunbayeva va'dalarini bajarmasa, tartibsizliklar yangidan boshlanadi"
Rossiyalik mutaxassis fikricha, agar muvaqqat hukumat vayron bo'lgan uylarni tiklab, jabrdiydalarga yordam bermasa, vaziyat keskinlashadi.