Breaking News

Obama boy amerikaliklar uchun soliq imtiyozlari yo'q demoqda


Obama nazarida bu 10 yilda davlat xazinasiga 700 milliard dollarga tushadi. Respublikachilar esa bunday imtiyozlarsiz iqtisodiyotni tiklab bo'lmaydi, deydi.

Prezident Barak Obama aholiga iqtisodiy siyosatini targ'ib qilar ekan, yutuqlarga erishyapmiz, deydi. Prezident Virjiniya shtatida kichik biznes vakillari va ba'zi oilalar bilan uchrashib, iqtisodiy tiklanish yo'lida muxolif respublikachilar bilan hamkorlik istiqbollari haqida so'zlagan. Virjiniya saylovlarda azaldan respublikachilarga ovoz beradigan shtat.

Prezident Obama so'nggi paytda aholi bilan muloqot qilishning yangicha, norasmiy shakliga o'tgan. Avval biror oila uyida mehmon bo'lib, ularga hukumatning iqtisodiy siyosati qanday natija berayotgani haqida so'zlab beradi, so'ng mavzuni mahalladagilar va mahalliy ishbilarmonlar doirasida davom ettiradi.

Kecha ham xuddi shunday bo'ldi. Virjiniyaning Vashington yaqinidagi Feyrfaks shahrida bir oilada bo'lib, ularning savollariga javob bergan, iqtisodiy siyosatini tushuntirishga harakat qilgan.

Obama sobiq prezident Jorj Bush davrida badavlat odamlarga berilgan soliq imtiyozlariga qarshiligini yashirmaydi.

"Respublikachilar yiliga bir million dollardan ko'p pul ishlovchi odamlarga 100 ming dollarini qaytarmoqchi, ammo 10 yilda bu davlat xazinasiga 700 milliard dollarga tushadi", - deydi u.

Prezident rejasiga ko'ra, badavlat amerikaliklarga soliq imtiyozlari bekor qilinib, yiliga 200 ming dollargacha daromad oluvchi shaxslar va 250 ming dollargacha pul topuvchi oilalarga esa uzaytiriladi.

Respublikachilarning Vakillar Palatasidagi sardori Jon Beynerning aytishicha, iqtisodni jadallashtirish, ish o'rinlarini yaratish uchun barcha toifalarga soliq imtiyozlari berish kerak.

Muxolifat nazarida badavlat odamlargina ko'p miqdorda ish o'rinlari yaratish imkoniga ega. Oq uy matbuot kotibi Robert Gibbsning aytishicha, iqtisodiyot aynan respublikachilar siyosati tufayli tushkunlikka uchragan.

Demokratlarning Senatdagi sardori Garri Rid esa qonunchilarni siyosiy o'yinlarni chetga surib qo'yib, amaliy taklif kiritishga chaqirmoqda.

"Tadbirkorlarga ham, ishsiz qolgan odamlarga ham quruq gaplar qiziq emas", - deydi u.

  • 16x9 Image

    Odil Ro'zaliyev

    Odil AQShning Tafts Universitetida (Tufts University) magistrlik darajasini olgan. Ungacha O'zbekistonda Jahon tillar universitetida tahsil qolgan, Nyu-Yorkdagi Peys universitetida bir yil almashinuv dasturi bo'yicha o'qigan. 

    Odil graduated from the Uzbekistan State World Languages University. Then he was an exchange student at Pace University in New York for one year (1993-1994). He got his Master's degree from Tufts University in Massachusetts in 2004.

XS
SM
MD
LG