Breaking News

Ekvadordagi zilzilada 233 odam nobud bo'lgan


Ekvadorda zilziladan qulagan uy xarobasi
Ekvadorda zilziladan qulagan uy xarobasi

Shanba oqshom Ekvadorda sodir bo’lgan kuchli zilzila oqibatida shu paytgacha 233 odam nobud bo’lgan. AQSh Geologiya markazi zilzila kuchini 7,8 ball atrofida baholamoqda. Yuzlab odam jarohat olgan.

Mamlakat Vitse-prezidenti Xorxe Glasning aytishicha, qurbonlar soni yanada oshishi kutilmoqda.

Qutqaruvchilar zilzilaga uchragan baliqchilik portlari va sayyohlar dam oladigan plyajlarda ham ishlamoqda.

Zilzila markazidan 170 kilometr narida joylashgan poytaxt Kitoning bir necha mahallasida elektr tarmoqlari, uyali aloqa ishdan chiqqan. Imoratlar 40 soniya davomida silkingan.

Guyakil port shahrida esa ko’prik vayron bo’lgan. Mantada parvozlarni boshqarish minorasiga zarar yetgach, mahalliy aeroport yopilgan.

Ekvador Prezidenti Rafael Korrea jumadan beri Italiyada edi, ammo yakshanba kuni qaytib kelishi kutilmoqda.

Payshanba kuni Yaponiyada ham yer qimirlab, bir necha kun davomida 450 dan ziyod silkinish kuzatilgan. Kamida 41 odam o’lgan, yana 11 nafaridan darak yo’q. Ular vayronalar ostida ko’milgan bo’lishi mumkin.

Ilk zilzila kuchi 6,5 ballga teng edi, ammo ertasiga yanada qattiqroq silkinish kuzatildi – 7,3 ball. Imoratlar va ko’priklar quladi, yong’inlar yuzaga keldi, tezkor poyezd yo'ldan chiqib ketgan.

200 mingga yaqin odam uyidan chiqib, maktablarda, davlat binolarida, otel lobbilarida jon saqlamoqda.

Kumamoto prefekturasida 60 ming odam chiroqsiz qolgan, 300 ming xonadonda suv ta’minoti ishdan chiqqan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG