Breaking News

Pandemiya paytida o'quvchilarga bilim berayotgan ilovalar


Koronavirus sabab maktablar yopilib, kimdir uyda o’qishini davom ettirmoqda, kimdir esa televizor ko’rib, video o’yin o’ynab dam olmoqda. Bolalarning ikkinchi kategoriyasi ota-onalarni xavotirga solmoqda.

Xalqaro hayot - 20-mart, 2020-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:54 0:00

“YouTube, Instagram va TikTokda o’tirib, vaqtni behuda sarflashdan yomoni yo’q”, - deydi “Vividbooks” asoschilaridan biri Deyvid Drobik.

“Texnologiyaning bo’lgani zo’r. Bizni texnologiyalar qurshab olgan, ko’plab ajoyib narsalar bor, ammo bolalar ulardan unumli foydalanmayapti”, - deydi “Tink Digital” asoschisi Martin Xorstmen.

Video o’yinlar o’ynab, boshqalarning g’oyalarini tomosha qilish o’rniga muhandis Xorstmen bolalarga texnologiyalar va bilimlarini ishga solib, o’z g’oyalarini yaratishga imkon beruvchi ilova ishlab chiqdi - “Doodlematic”.

Avval g’oyani qog’ozga tushirib, unga muayyan ranglar bilan ishlov berasiz. Har bir rang ma’lum bir narsani anglatadi – avatar, maqsad yoki xavfni. Bu ma’lumot ilovaga ko’chiriladi. “Doodlematic” rasmni uyali telefon yordamida suratga olib, uni video o’yinga aylantirishga yordam beradi. Video o’yinlar yaratish jarayonida muhim hayotiy ko’nikmalar shakllanadi, deydi muhandis.

“Ijodkorlik, fantaziya kelajakdagi ishlarda qo’l keladigan ko’nikmalardir”, - deydi u.

Ilova foydalanuvchilariga ikkita animatsion o’yinni yaratish bepul taklif qilinadi. So’ng taxminan 30 dollar to’lab, minglab o’yinlarni yaratsa bo’ladi.

“Vividbooks” deb nomlanuvchi yana bir ilova fizika faniga oid murakkab tasvirlarni jonlantirishda kengaytirilgan voqelikdan foydalanadi.

“So’nggi 40 yildan beri chop etilayotgan oddiy darsliklarga nazar tashlasangiz, kichik diagrammalar va ko’plab matnga ko’zingiz tushadi. Fizika fanida ko’plab murakkab nazariya va tushunchalar bor. Ularni tasavvur qila olmasdan turib, tushunish qiyin. Raqamli qatlam va animatsiya bu tushunchalarni katta hajmdagi matndan ko’ra osonroq tushunishga yordam beradi”, - deydi Deyvid Drobik.

Xoh kompyuter bo’lsin, xoh smartfon, “Vividbook”da yaratilgan sahifalarni printerdan chiqarsa bo’ladi. Ilovali smartfonni printerdan chiqqan qog’ozga qaratsangiz, chizma harakatga keladi.

“Apparat qog’ozdagi tasvirni tanib, muayyan animatsiyani harakatga keltirishga signal beradi”, - deydi Drobik.

Ilova hozircha faqat “Apple” mobil apparatlari uchun mavjud. Veb va Android ko’rinishlari iyun oyida chiqishi kutilmoqda. Pandemiya paytida ota-onalar darslik sahifalarini bepul varaqlashi mumkin. Ilova 10-12 yoshli bolalarga mo’ljallangan. Kompaniya uni ximiya va biologiya fanlari bilan ham to’ldirib, kattaroq yoshdagi bolalarni ham jalb qilishni rejalamoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG