Breaking News

Misrga qarashli yo'lovchi samolyot O'rta dengizga quladi


Misr havo yo'llariga qarashli yo'lovchi samolyot Qohiradan Parijga uchayotib, halokatga uchradi. 66 odam o'tirgan Aerobus-320 samolyoti O'rta dengizga qulagan. Halokat sabablari aniqlanmoqda.

Fransiya Prezidenti Fransua Ollandning aytishicha, Misr va Gretsiya qidiruv ishlarida yordam bermoqda.

Samolyot tunda soat 2:30 da radardan g'oyib bo'lgan. Undan oldin esa, deydi Gretsiya Mudofaa vaziri Panos Kamennos, uchoq bir necha bor keskin burilib, pastga qarab ketgan.

"Avval 90 daraja chapga, so'ng o'ng tomondan 360 darajaga burilib, 11 582 metr balandlikdan tusha boshladi va 3 048 metr balandlikda samolyot bilan aloqa uzildi", - deydi vazir.

Fojia texnik muammo yoki terror hujumi oqibatida yuz bergan bo'lishi mumkin. Har ikki ehtimol o'rganilmoqda. Buning uchun samolyot qulagan joyda uning qoldiqlari to'planmoqda, qora qutilari qidirilmoqda. Omon qolganlar haqida hozircha ma'lumot yo'q.

Saudiya Arabistoni rasmiylariga ko'ra, yo'lovchilar orasida Fransiya, Britaniya, Misr, Iroq, Quvayt, Sudan, Saudiya Arabistoni, Chad, Portugaliya, Jazoir va Kanada fuqarolari bo'lgan.

O'tgan yilning 31-oktabrida Rossiyaga qarashli yo'lovchi samolyot Sinay yarimoroli uzra qulab, 224 odam halok bo'lgan edi. Samolyotda bomba borligi aniqlangan. Shundan so'ng Rossiya samolyotlari Misrga uchmay qo'ydi.

1999-yilda esa Misr havo yo'llariga tegishli samolyot AQSh sharqiy sohiliga yetmasdan texnik sabablarga ko'ra Atlantika Okeaniga qulashi oqibatida 217 odam nobud bo'lgan edi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG