Breaking News

Misr dahriylari haq-huquqlarini talab qilmoqda


Bugun o'zining dahriyligini ochiq e'lon qilgan Ahmad Hussayn o'ta dindor musulmon oilasida ulg'ayganini aytadi.
Bugun o'zining dahriyligini ochiq e'lon qilgan Ahmad Hussayn o'ta dindor musulmon oilasida ulg'ayganini aytadi.
Misrda din siyosiy maydondagi eng bahsli mavzulardan biri. Islomiy partiya vakili Muhammad Mursiy rahbarligi davrida mamlakat radikallashish tahdidi ostida qoldimi? Aholining ozchilik qismi bo’lgan nasorolar yetarli huquqiy himoyaga egami? Bu kabi savollar, odatda, hech bir diniy e’tiqodga ergashmaydigan odamlar haq-huquqlarini chetlab o’tadi. Ammo mamlakatda siyosiy vaziyat o’zgarar ekan, dahriy misrliklar ham o’z huquqlarini talab qilib chiqmoqda.
Misr dahriylari, Behzod Muhammadiy
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:56 0:00
Yuklab oling
Bu o’lka har kuni besh mahal masjiddan yangraydigan azon ovozlari bilan to’ladi. Cherkovlarda esa qo’ng’iroq sadolari tinmaydi…

Kundalik hayotda din chuqur ildiz otgan.

Ko’pchilik uchun diniy e’tiqod hayot-mamot masalasi. Ozchilik nasoro guruhlari yetakchilari o’z ergashuvchilariga dindan chiqishni taqiqlab qo’ygan bo’lsa, musulmonlarning 90 foizdan ziyodi, “Pyu” tadqiqot markaziga ko’ra, Islomni tark etgan dindoshlarining o’ldirilishi tarafdori.

Yaqinda o’zini dahriy deb hisoblovchi to’rt nafar misrlik bu o’lkada dinsiz bo’lishning mashaqqatlari haqida bahs yuritdi. Hayotlari xavf ostida bo’lishiga qaramay, haq-huquqlari uchun kurashish fursati kelgani bois ochiq gapirishga qaror qilishganini aytadi.

Ahmad Husayn o’ta dindor musulmon oilasida ulg’aygan. O’smir yoshimdan boshlab menda dinga nisbatan shubha uyg’ona boshladi, deydi u.

Uning aytishicha, bu haqda bilgan onasi o’zidan ketib qoldi. Ustozi esa uni ruhshunos ko’rigiga jo’natdi. Shifokor Hussaynni aqlan sog’lom deb topib, shunchaki, ateist ekani haqida xulosa chiqardi.

Ustozi bu tashxisga ishonmasdan, unga shubha-gumon kasalligi bilan og’riyotganini aytadi. Ustozim meni dahriyligim bois o’limga hukm qilinishimdan saqlab qolish uchun shu yo’lni tutdi, deydi Hussayn.

Hussayn o’lim haqida gapirganda, diniy ahkomlarni nazarda tutmoqda. Davlat qonunlarida ateizmga nisbatan jinoiy javobgarlik belgilanmagan. Ammo “dinni haqorat qilish” uchun jazo bor.

Ayrim dahriylarning hibsga olinishi Ismoil Muhammad kabi mo’tadil qarashdagi musulmonlarning e’tiborini tortdi. U buni vijdon erkinligi huquqining buzilishi deb hisoblaydi.

Muhammadning aytishicha, u hozir dahriylikni va boshqa unga aloqador fanlarni o’rganmoqda. Maktabda evolyutsiya nazariyasini juda yuzaki o’tganmiz, deydi u.
Sobiq nasorolar Milad Soliman hamda Ayman Naxla ham dahriylikni tadqiq qilayotganlardan. Ular, asosan, internet orqali o’zlari kabi boshqa odamlar bilan aloqa qilayotganini aytadi.

Ismoil Muhammad hatto televideniye orqali o’z fikrlarini ochiq aytishga ham jur’at topdi.

Teleko’rsatuvda qarshilar ko’p bo’ldi, ammo u o’z fikrida qat’iy tura oldi. Huquq faoli Hisham Qosim bu haqda shunday deydi.

“Bu yosh yigit o’z fikrlarini ishonch bilan himoya qildi. Men bundan hayratlandim. Hayotimda bunday narsaning guvohi bo’laman, deb o’ylamagan edim”, - deydi u.

Ammo jamiyat ularni qabul qilishi uchun hali erta. Ayman Naxla yangi konstitutsiyaning dunyoviy ruhda bo’lishini talab qilayotgan faollar guruhi a’zosi. Qohiradagi Amerika universiteti professori Said Sodiq bu guruh talablarini qo’llab-quvvatlaydi.

“Din va davlat bir-biridan ajratilishi kerak. Ammo buning uchun xalqning bilimini, saviyasini oshirish kerak. Menimcha, hozir shu narsalar shakllanyapti”, - deydi u.

Sobiq salafiy musulmon Hussayn ham shunday fikrda. U hozirgi yosh avlod orasida diniy bag’rikenglik birmuncha keng shakllanganini aytadi.

Ammo vijdon erkinligi huquqini talab qilib chiqayotgan faollar soni oshib borayotganiga qaramay, dahriylarning e’tiqodi bois hibsga olinishi holatlari davom etmoqda.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG