Misrda prezidentlikka da’vogar arbob, sobiq rahbar Husni Muborak qo’lida bosh vazir bo’lib ishlagan Ahmad Shafiqning saylov idorasiga o’t qo’yilgan.
Qohiradagi qarorgohga kecha hujum qilingan, hech kimga ziyon yetmadi, deydi huquq-tartibot xodimlari.
Sal oldin Qohiraning Tahrir maydoni va yana bir necha shaharda minglab fuqarolar to’planib, armiya, sobiq harbiy Ahmad Shafiq va Musulmon Birodarlardan prezidentlikka nomzod Muhammad Mursiga qarshi shiorlar yangragan edi.
Misrda o’tgan hafta kechgan prezident saylovlarining birinchi bosqichida Mursi va Shafiq eng ko’p ovoz oldi.
Shafiq Husni Muborak boshqaruvi namoyandasi, ramzi deya ko’riladi. 2011-yilda Muborakni hokimiyatdan ag’dargan faollar saylov dastlabki natijasidan hafsalasi pir bo’lgan va ular safida tarqoqlik kuchaygan.Prezident bo’laman deb kurashganlardan uch nafari ovoz berish jarayonida xato va soxtalashtirishlardan norozi bo’lib, saylov komissiyasiga shikoyat yo’llagan.
Bular sotsialist Hamdin Sabohiy, mo’dadil diniy arbob Abdul Munim Abul Fotih va sobiq tashqi ishlar vaziri Amir Musa.
Prezident poygalarining ikkinchi bosqichi 16-17 iyunga belgilandi.