Breaking News

Misr tarixida sakkizinchi prezident qasamyod keltirdi


Misrda yangi saylangan prezident Abdul Fattoh al-Sissiy prezident saroyida o'tgan inauguratsiya marosimida so'zlamoqda, Qohira, 8-iyun, 2014-yil
Misrda yangi saylangan prezident Abdul Fattoh al-Sissiy prezident saroyida o'tgan inauguratsiya marosimida so'zlamoqda, Qohira, 8-iyun, 2014-yil
Misrda prezident saylovlarida g’alaba qozongan sobiq mudofaa vaziri Abdul Fattoh Sissiy poytaxt Qohiradagi Oliy Konstitutsion sud binosida qasamyod keltirdi. Sissiy Misr tarixida sakkizinchi prezident bo’ldi.

Tadbirda oliy sudyalar, yuqori lavozimli rasmiylar va xorijiy mehmonlar ishtirok etdi.

So’ng prezident saroyida hokimiyatni topshirish marosimi o’tkazilib, al-Sissiy Misr xalqi va xorijiy delegatsiyalarga murojaat qildi.

Misrda 2011-yil inqilobi natijasida mamlakatni 30 yil boshqargan Husni Muborak ag’darilgach, 2012-yil dekabrida islomiy harakat a’zosi Muhammad Mursiy hokimiyatga keldi. Ammo uning siyosiy umri qisqa bo’lib, o’tgan yil yozida harbiylar Mursiyni hokimiyatdan chetlashtirdi. Boshqaruvni vaqtincha qo’liga olgan Sissiy saylovlar o’tkazib, prezidentlikka o’zi saylandi.

Harbiylar diktaturasiga nisbatan mamlakatda norozilik kuchayar, iqtisodiyot jar yoqasida turar ekan, armiya sobiq qo’mondoni Misrda uch yillik notinchlikdan keyin barqarorlikni tiklashni va’da qildi, fuqarolar erkinliklarini targ’ib qilishga chaqirdi.

Prezident Sissiyning ta’kidlashicha, mamlakat ikki inqilobdan tegishli xulosa chiqardi.

"Misr xalqi ikki revolyutsiya foydasini ko’radigan vaqt keldi. Bu yo’lda ko’p qon, ter va ko’z-yosh to’kildi. Inqilob maqsadlari amalga oshirilsagina, kelajak yaxshiroq, barqarorroq, farovonroq bo’lsagina, ularni muvaffaqiyatli deb atash mumkin", - dedi Sissiy.

Misr konstitutsiyasiga ko’ra, yangi prezident parlament oldida qasamyod keltirishi kerak, biroq amaliyot parlament ishtirokisiz o’tdi. Gap shundaki, bir yil oldin Muhammad Mursiy prezidentlikdan olinganida aksariyati uning islomiy tarafdorlaridan tashkil topgan qonunchilik organining faoliyati sud tomonidan man etildi.

Yangi saylovlar shu yil iyul oyi o’rtalarida o’tkazilishi kutilmoqda.

Qasamyod marosimida arab dunyosi rahbarlaridan Iordaniya qiroli Abdulla, Quvayt amiri, Bahrayn qiroli, Saudiya Arabistoni valiahdi shahzoda Salmon, Abu-Dabi valiahdi kabilar ishtirok etdi.

Qo’shma Shtatlar va Yevropa Ittifoqidan o’rta lavozimli delegatsiyalar qatnashdi. Misr bilan aloqalari sovuq Turkiya va Qatar rahbarlari tadbirga taklif etilmadi.

Arab siyosiy sotsiologi Said Sodiqning aytishicha, agar xalqaro hamjamiyat Misr yangi prezidentini tan olsa, mamlakatda barqarorlikni tiklash osonlashadi, siyosiy institutlar ishi normallashsa, iqtisodiyot ham ko’tarila boshlaydi.

Qasamyod marosimi tufayli odatda ish kuni bo’lgan yakshanba Misrda rasman bayram sifatida e’lon qilindi. Prezident Sissiy tarafdorlari ko’chada raqsga tushib, xursandchilik qildi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG