Meksikaning qattiq himoyalangan qamoqxonasidan o'tgan yil iyulida qochib, bir necha oylik ta'qibdan so'ng juma kuni qayta qo'lga olingan narkobaron Xoakin Guzman AQShga ekstraditsiya qilinishi mumkin. El Chapo laqabi bilan tanilgan Guzmanning advokati mijozining Amerikaga chiqarilishiga qarshi kurashishini bildirdi.
El Chapoga tegishli kartel Qo'shma Shtatlarga kokain, geroin, marixuana va boshqa turdagi narkotik moddalarini yo'llagani uchun ham AQSh qonunlariga ko'ra jinoyatchi hisoblanadi. Vashington uni ekstraditsiya qilishni Mexikodan oldin so'ragan edi, biroq Meksika hukumati Guzman avval o'z mamlakatida sodir etgan jinoyatlari uchun jazo muddatini o'tashi kerak, deb xulosa qilgan edi.
Oktabr oyida Guzman taniqli Gollivud aktyori Shon Pennni Meksika changalzorida qabul qilib, unga intervyu berdi. El Chapo o'zi haqida badiiy film ishlash taklifini ham olg'a surdi. Narkobaronning "Rolling Stoun" jurnalida shanba kuni chop etilgan intervyusida aytishicha, u qilayotgan ishidan afsuslanmaydi.
"Talab bor joyda taklif ham bo'ladi. Men bo'lmasam, narkotiklarni AQShga boshqa birortasi yetkazib turardi", - dedi El Chapo.
Tahlilchilarga ko'ra, agar Guzman AQShga ekstraditsiya qilinsa, kartel ichida rahbarlik uchun kurash boshlanib, jinoiy guruh bo'linib ketishi mumkin.