Breaking News

Nyu-Yorkda muhojir keksalarga mos ijtimoiy dasturlar yetishmayapti


AQSh aholisi orasida 65 yoshdan o'tganlar soni tezlik bilan oshib bormoqda. Ularning salmoqli qismini muhojirlar tashkil etadi. Nyu-Yorkda 2020-yilga borib keksalar aholining aksariyatini tashkil etishi kutilmoqda. Ularni zarur xizmatlar bilan ta'minlash oson bo'lmaydi.

Desi qariyalar markazida bangladeshlik keksalar birga vaqt o'tkazadi, ibodat qiladi; halol taom yeb, haftasiga uch marta mashq ham qilishadi.

Bangladeshliklar AQShga keyingi yillarda kelgan muhojirlar jamoasidan. Yangi immigrantlarga, ayniqsa, keksalarga, ingliz tilida muloqot qilish oson emas.

"Birinchi kelganimda inglizcha bilmas edim. Hozir ham. Uyquga ketishdan oldin, ertaga ko'chaga qanday chiqaman, odamlar bilan qanday gaplashaman, deb o'ylayman", - deydi Jahon Aro Amin ismli muhojir.

Tadqiqotchi Kristian Gonzales-Riveraning aytishicha, muhojir guruhlari orasida ijtimoiy yolg'izlik tez-tez uchrab turadi. Ular uchun madaniyati va tiliga mos xizmatlar kam, deydi u.

"Yolg'izlanib qolgan keksalarni ko'p uchratasiz. Chunki ularning nabiralari tillarini tushunmaydi. Bilgan madaniyatlaridan juda farqli bir muhitga tushib qolishgan. Qariya sifatidagi maqomlari AQShda o'z yurtlariga qaraganda farqli bo'ladi", - deydi tadqiqotchi.

Qariyalar uchun turli dastur va markazlarni boshqaruvchi Hindiston uyi ijtimoiy yolg'izlikka qarshi kurashmoqda. Davlatdan ijtimoiy yordam olmaydigan va oilasi bilan yashaydigan keksalar uchun ham dasturlar bor.

"Odamlarimiz ancha konservativ, dindor va oilaparvar. Oilasi bilan yashashni xohlashadi. Lekin hozirgi kunlarda oila bilan bo'lish qiyin. Chunki ularni bu yerga olib kelgan farzandlari ham qashshoq bo'lishi mumkin", - deydi Dilafruz Nargis Ahmed.

Ijtimoiy yolg'izlik Amerikada yo'lini topib ketganlar orasida ham uchraydi. Masalan, 25 yil oldin Hindistondan kelgan Barat Shoh ulardan biri.

U Hindiston uyi dasturlarida qatnashib, o'ziga ishonchi ortganini aytadi.

"Qanday gapirishni, odamlar bilan muloqot qilishni, qanday band bo'lishni va ishlashni o'rganishingiz kerak. Shu orqali o'z iqtidoringizni boshqalarga ko'rsatish imkoniyatiga ega bo'lasiz", - deydi Shoh.

Shohga ko'ra, baxtiyorlikning kaliti sog'likda va foydali ish bilan band bo'lishda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG