Breaking News

AQShda Konressga saylov ketidan prezidentlik poygasi boshlanadi


AQShda Konressga saylov ketidan prezidentlik poygasi boshlanadi
AQShda Konressga saylov ketidan prezidentlik poygasi boshlanadi

Oq uy uchun poygaga ikki yil qoldi. O'tgan hafta saylovlarda Vakillar Palatasini qo'ldan boy bergan demokratlar vazifasi ancha qiyinlashdi.

Prezident Obama saylov kampaniyasini olib borishga usta siyosatchi bo'lib, Kongressga saylovlarda demokratlardan nomzodlarni yoqlab, targ'ibotda faol ishtirok etdi. Ikki yildan so'ng o'zi uchun ham kuyunishi kerak bo'ladi. Agar Obama yana bir muddatga saylanmoqchi bo'lsa.

Siyosiy tahlilchi Larri Sabatoning aytishicha, Obama iqtisodiyot tezroq oyoqqa turishini xudodan so'rashi kerak.

Iqtisodiy ahvol yaxshilanmas ekan, deydi mutaxassis, prezident qayta saylanishni orzu qilmasa ham bo'ladi. Ayniqsa hozir, Kongressda demokratlar safi siyraklashgach. Jurnalist Rid Uilson nazarida esa bu unga qo'l kelishi ham mumkin.

"Dovon bo'lsa, prezidentga ishlash osonroq bo'ladi, deb o'ylayman", - deydi Uilson.

Biroq respublikachilar tashabbusi bilan tuzilgan yangi konservativ guruh - "Choychilar" harakati demokratlar ishini qiyinlashtirishi mumkin.

Vitse-prezidentlikka sobiq da'vogarlardan biri Sara Peylin bu harakat arzandasi. Respublikachi nomzodlarni qo'llab-quvvatlab mamlakatni kezib chiqdi.

Siyosiy tahlilchi Jon Fortye Peylin imkoniyatlarini baholaydi.

"Ko'pchilik uning siyosiy malakasini shubha ostiga qo'ygan edi, biroq so'nggi 6 oyda yetuk siyosatchi bo'lib yetishganini ko'rdik", - deydi Fortye.

Biroq jurnalist Uilson nazarida Peylin siyosatini xush ko'rish boshqa, prezident bo'lishini xohlash boshqa.

"Sara Peylinda prezident poygasida ishtirok etish uchun yetuk komanda yo'q hali. Mitt Romnida bor. Mayk Pensda ham bor", - deydi Uilson.

Siyosat va prezident reytingi kundalik voqealarga qarab shakllanib boradi. Iqtisodiyot, urush, terrorizm, kutilmagan voqealar.

Vashingtondagi konservativ Xeritij jamg'armasi tahlilchisi Maykl Frenkning aytishicha, saylovchilar talabi qanday ekani va prezidentlikka nomzod ularni qondira olishi hali ma'lum emas.

Poyga yil tugamasidan oldin boshlanishi mumkin. So'nggi saylovlarda demokratlardan nomzodlikka da'vogar Jon Edvards kurashni Kongressga saylovlardan ikki oy o'tar-o'tmas boshlagan edi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG