Breaking News

Prezident saylovlari AQShda qimmat jarayon


Prezident Donald Tramp va uning demokratik raqibi, sobiq vitse-prezident Jo Bayden 3-noyabrda bo’ladigan prezident saylovlaridan oldin saylov kampaniyasiga mablag’ to’plashda rekord o’rnatishi mumkin.

Tramp saylovga pul to’plashni ancha oldin boshlagan bo’lsa-da, iyun oyida Bayden Trampga qaraganda 10 million dollar ko’p pul ko’tardi. May oyida ham demokratlardan nomzod Trampni bu borada dog’da qoldirgan edi.

Kampaniyaga pul to’plash har bir nomzod, ularning partiyasi va ularni qo’llab-quvvatlayotgan tashkilotlar uchun davomiy boshog’riqdir, chunki saylovoldi tashviqot bilan bog’liq xarajatlar har to’rt yilda oshib boraveradi.

Har ikki yirik partiyadan prezidentlikka yagona nomzod aniq bo’lishi bilan yuz millionlab dollar to’planadi va sarflanadi. Ba’zida asosiy saylov kampaniyasi bir yilga cho’zilishi mumkin.

Prezidentlik uchun saylov kampaniyasining umumiy xarajatlari 1980-yilda Ronald Reygan Jimmi Karterni mag’lub etganidan Barak Obama 2012-yilda Mitt Romnidan ustun kelgan paytga qadar ming foizdan oshib ketdi.

Saylovlarni kuzatayotgan mutaxassislarning aytishicha, 2020-yil poygasi Amerika tarixida eng qimmat jarayon bo’lishi mumkin, koronavirus pandemiyasi saylov kampaniyasini cheklab qo’ygan bo’lsa-da.

Amerikaning birinchi prezidenti Jorj Vashington 1788-1789-yillarda saylanganida bir tiyin sarflamagan. U paytda mamlakat ancha kichik bo’lgan, matbuot hali yo’q edi. Bugun nomzodlar ro’yxatdan o’tgan 150 milliondan ziyod saylovchilar bilan internet, ijtimoiy sahifalar, televideniye va radio, bosma matbuot orqali hamda yuzma-yuz aloqa qiladi.

Saylov xarajatlarining eng katta qismi matbuotdagi reklamaga to’g’ri keladi. Saylov shtabi a’zolari maoshlarini to’lash, nomzodning turli joylardagi idoralari xarajatlarini qoplash, ommaviy so’rovlar, tadqiqotlar, tadbirlar, namoyishlar va xayriya o’tkazish ham katta mablag’ talab qiladi. Pandemiya paytida targ’ibot, asosan, virtual shaklda olib borilayotgan bo’lsa-da, xarajatlar kamaygani yo’q.

2008-yilda saylov kampaniyasiga 2,8 milliard dollar sarflangan bo’lsa, 2016-yilda bu raqam 2,4 milliard dollarga to’g’ri keldi.

Pul qayerdan keladi?

Pulning bir qismini oddiy amerikaliklar xayriya sifatida beradi. Har bir saylovda 2800 dollargacha berish mumkin. Nomzodlikni qo’lga kiritgach da’vogarlar o’z partiyasining milliy qo’mitasi bilan hamkorlikda mablag’ to’playdi.

Da’vogarga undan mustaqil ravishda faoliyat olib boruvchi Siyosiy harakat qo’mitalari ham yordam beradi. Ular jamg’arishi mumkin bo’lgan pul miqdori cheklanmagan. Pulni, asosan, biror nomzod yoki qonun loyihasini o’tkazish uchun reklamaga sarflashadi.

2010-yilda Oliy sud korporatsiyalar va kasaba uyushmalarning siyosiy maqsadlarda qilgan xarajatlari ham Konstitutsiyada kafolatlangan so’z erkinligiga taalluqli deb xulosa chiqarganidan so’ng tijoriy kompaniyalarning saylovlarda moliyaviy ulushi keskin oshdi.

Ko’p pul saylovda g’alabani ta’minlaydimi?

2016-yil saylovlari doim ham bunday bo’lmasligini ko’rsatdi. Demokratlardan prezidentlikka nomzod Xillari Klinton Donald Trampdan yuzlab million dollar ko’p pul sarflagan bo’lsa-da, oxir-oqibatda mag’lub bo’ldi. 1996-yilda esa respublikachi Bob Doul ko’p xarajat qilganiga qaramay, amaldagi Prezident Bill Klinton ikkinchi muddatga saylandi. 1984-yilda demokrat Uolter Mondeyl amaldagi rahbar Ronald Reyganni xarajat bobida ortda qoldirgan bo’lsa-da, saylovni yuta olmadi.

Biroq pulning ko’p bo’lishi g’alaba qozonishga yordam beruvchi muhim omildir. Ikki muddat prezidentlik qilgan respublikachi Jorj Bush va demokrat Barak Obama poyga uchun raqiblariga qaraganda ancha ko’p mablag’ sarflagan.

2020-yil saylovlari qanchaga tushgani jarayondan keyin hisoblanadi. Jo Bayden va Donald Tramp uch oyda yarim milliard dollardan ko’p mablag’ to’plashga muvaffaq bo’lishdi.

Koronavirus pandemiyasi mablag’ to’plashga ta’sir qilgani yo’q, ammo pulning qanday sarflanishiga jiddiy o’zgartirishlar kiritildi.

Tramp saylovchilar bilan an’anaviy shaklda uchrashishda davom etmoqda, Bayden esa tarafdorlariga faqat onlayn shaklda murojaat qilmoqda.

Prezident saylovlari tarixida ilk bor raqamli reklamaga televideniye va radiodan ko’p pul sarflanmoqda. “Facebook”da reklama berish bo’yicha Bayden Trampdan o’zib ketdi. Sobiq prezident Barak Obama Baydenga mablag’ to’plashda yordam bermoqda. Yaqinda ular 11 million dollar ko’tarishga muvaffaq bo’ldi. Tramp esa “Twitter” va boshqa platformalarda pul sarflamasdan ko’p sonli saylovchilar bilan aloqa qilmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG