AQShda 2020-yilda prezident bo’laman degan siyosatchilar allaqachon maydonga chiqa boshlagan. “Starbucks” kofe kompaniyasi sobiq rahbari Xovard Shults ham mustaqil nomzod sifatida poygada qatnashishi mumkin. Bu esa demokratlarni sarosimaga solmoqda. Ular fikricha, ayrim ovozlar boshqa nomzodlarga ketib qolishi Donald Trampning qayta saylanishiga olib keladi.
Xovard Shults AQSh prezidentlik saylovida mustaqil nomzod bo’lib qatnashishi mumkin.
“Hozirgi sistemani yangilash kerak. Siyosatchilar faqat o’zini o’ylaydi, o’z mafkurasiga yopishib olgan. Birgalashib bu tizimni o’zgartirish vaqti keldi”, - deydi u.
Shults demokratlar tanqidiga uchramoqda. Uning poygaga kirishi, deydi ular, Trampning ikkinchi muddatga saylanishiga olib keladi.
Shults hali bir qarorga kelgani yo’q, ammo prezident bo’laman degan demokratlar maydonga chiqmoqda. Shulardan biri senator Kamala Harris.
“Amerika orzusi va demokratiyasi hujum ostida ekani uchun bu kurashga kirishyapmiz”, - deydi Harris.
Demokratlar sarosimada ekani haqiqat, deydi siyosiy tahlilchi Ileyn Keymark:
“Xalq hukumatda hech qachon ishlamagan milliarderni saylab qo’ydi. Oqibatini ko’rib turibmiz. Nazarimda, endi uzoq yillar bunday hol takrorlanmaydi”.
Prezidentlikka mustaqil nomzodlar yillardan buyon AQSh saylov kampaniylarining bir qismi bo’lib kelgan.
Masalan, 1968-yilda Jorj Vollas, 1980-yilda Jon Andersen. 1992-yilda esa Ross Pero 19 foiz ovoz olgan.
Yaqin yillarda esa Ralf Neyder va Jill Stayn kabi uchinchi partiyalardan nomzodlar Oq uyga harakat qilgan.
Tarafkashlik keskin tus olgan bugungi kunda aksar saylovchilar mo’tadillik xohlaydi, deydi tarixchi Doris Gudvin.
“Yaxshi va yomonning farqiga bormay qolganga o’xshaymiz. Bir partiya ikkinchisini dushman deb biladi, ko’ra olmaydi”, - deydi Gudvin.
Demokratlar Trampning bir muddatli prezident bo’lishini xohlaydi. Ular nazarida uchinchi bir partiyadan nomzodlar saylovchilarni chalg’itadi, deydi tahlilchi Larri Sabato.
“Odamlarning katta sonda saylovga chiqishini ta’minlay oladigan nomzodni tanlash demokratlarga bog’liq. Ular tanlagan odam uchinchi partiyalardan ustun kela olishi kerak. Bilamizki, hatto 2-3 foiz ovoz ham g’alaba kim tomonda bo’lishini belgilashi mumkin”, - deydi Sabato.
Saylovda Xovard Shults qatnashadimi, yo’qmi, 2020-yil uchun saylov kampaniyasi allaqachon boshlanib ketdi. Donald Trampni mag’lub qilaman degan demokrat nomzodlar birin-ketin sahnagacha chiqmoqda.
Facebook Forum