Breaking News

Obama yoki Romni? Amerikada saylov


Tashviqot kampaniyasi yakunlanar ekan, ommaviy so’rovlar natijasiga qaraganda, demokratlardan nomzod Barak Obama va respublikachi Mitt Romnining g’alaba qilish imkoniyatlari teng. Eng muhim shtatlarda Obama kichik farq bilan oldinda.

Shunday shtatlardan biri Ogayoda kecha har ikki nomzod to’xtab o’tdi. Davlat rahbarining aytishicha, o’tgan oy Amerikada 171 ming ish o’rinlari yaratilgan, bu so’nggi sakkiz oy ichida eng yaxshi ko’rsatkich.

Romni esa ishsizlik darajasi sal oshib, 7.9 foizga yetganiga e’tiborni qaratib, bu iqtisod haliyam tanazzul changalidan chiqa olmagani nishonasi, deya Obamani tanqid qildi.

Prezident saylovlariga uch kun qolganda e’lon qilingan raqamlar muhim ahamiyat kasb etadi, ikkilanib yurgan saylovchilarni u yoki bu tomonga og’dirishi mumkin. Iqtisod saylov natijasini hal qiladigan masala ekaniga shubha yo’q.

O’tgan oy AQShda ishsizlik sur’ati Barak Obama prezidentlikka kelganidan beri eng past nuqtaga – 7.8 foizga tushgan edi. Shunday bo’lsada, bu davlat tarixida Ikkinchi jahon urushi davridan beri hech bir prezident bunday raqam bilan ikkinchi muddatga saylana olgan emas.

Tadbirkor Mitt Romni to’rt yil ichida 12 million ish o’rinlari yaratish rejasi borligini aytadi.

Saylov 6-noyabrda o’tadi. Ammo fuqarolar, istasa, 32 shtatda hamda poytaxt Vashington joylashgan Kolumbiya okrugida ertaroq ovoz berishi mumkin. Millionlab fuqarolar bu imkoniyatdan foydalanmoqda.

Nimaga qarab ovoz berasiz deb so’ralganda, saylovchilar muqobil energetika, sog’liqni saqlash, iqtisod, ayollar huquqi va qator boshqa mavzularni tilga oladi.

Ammo aksar fuqarolar uchun ustuvor masala bu – ishsizlik. Erta ovoz bergan shtatlarda natija saylov kunidan keyin ma’lum bo’ladi.

Nyu-York va Nyu-Jersi shtatlari aholisi uchun saylov hozir birlamchi masala emas, odamlar suv toshgan uylarini, bizneslarini tiklash bilan band. Mamlakatning sharqiy hududlarida “Sendi” to’fonidan ko’rilgan zarar 50 milliard dollarga tushishi taxmin qilinmoqda.

Nyu-York metrosi haliyam to’la ishga tushgani yo’q. Nyu-Jersida yonilg’i shoxobchalarining 60 foizi yopiq. Elektr ta’minoti sekin-asta tiklanmoqda.

Aholi orasida norozilik oshib borar ekan, AQSh Mudofaa vazirligi yonilg’i taqchilligini kamaytirish uchun regionga 83 million litr benzin yetkazmoqda. Yukni tashishda xorijiy mamlakatlar kemalari ham ko’maklashishi mumkin.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG