Yevropa parlamentiga saylovlar yakuniga ko’ra, Fransiya Prezidenti Emmanuel Makronning “Uyg’onish” partiyasi ishtirokidagi koalitsiya Marin Le Penning muxolif millatchi “Milliy uyushma” partiyasiga qaraganda ikki baravar kam ovoz olgan. Qit’a qonunchilik organida Fransiyaga ajratilgan 81 ta o’rindan 30 tasi endi “Milliy uyushma” vakillari qo’lida.
Makron Fransiya parlamentining quyi palatasini tarqatib, 30-iyunga muddatidan erta saylov e’lon qildi.
Yevropa parlamentiga saylovlarda Yevropa Ittifoqiga shubha bilan qarayotgan Italiya va Germaniyadagi millatchi partiyalar ham yaxshi natija ko’rsatgan, biroq umuman olganda boshqa mamlakatlarda ittifoqqa xayrixoh liberal va sotsialist partiyalar 720 o’rinlik Yevroparlamentda ko’pchilik o’rinlarni saqlab qoldi.
Germaniyada Kansler Olaf Sholsning Sotsial-demokratlar partiyasi konservativ-millatchi AfD yoki “Muqobil Germaniya” partiyasidan bittaga kam o’rin oldi. Germaniya Yevroparlamentda 96 ta o’ringa ega. Shols partiyasi 14 ta o’rin bilan marraga uchinchi bo’lib keldi.
Italiyada Bosh vazira Jorjiya Melonining “Italiya birodarlari” partiyasi g’alaba qozondi, Yevroparlamentda Italiya uchun ajratilgan 76 ta o’rindan 24 tasini qo’lga kiritdi.
Germaniya, Belgiya, Fransiya va yana to’qqizta mamlakat partiyalari vakillaridan tashkil topgan Yevropa xalq partiyasi saylovda eng ko’p ovoz olgan. 1999-yildan beri Yevroparlamentda hukmron bu partiya 189 ta o’rin qozondi.
Bu uning Yevropa Komissiyasida prezidentlik uchun ikkinchi muddatga harakat qilayotgan a’zosi Ursula fon der Leyen uchun yaxshi xabar.
"Sentristlar mavqeini boy bergani yo’q. Ammo o’ng va so’l taraflardagi ekstremistlar qo’shimcha ovoz olishgan. Shu sabab ham sentrist qarashlarga ega partiyalar mas’uliyatni his qilishi kerak”, - dedi fon der Leyen.
Yevropada millatchi partiyalarning kuchayayotganiga bir necha sabab ko’rsatilmoqda – yuqori narxlar, migratsiya bo’yicha xavotirlar, yashil energiyaga o’tish xarajatlari hamda Ukrainadagi urush.
“Bir necha o’n yildan beri hokimiyat tepasida o’tirgan siyosatchilar noqonuniy migratsiya, yuqori narxlar muammosini hal qilgani yo’q. Shu sabab odamlar o’ng partiyalarni qo’llab-quvvatlamoqda”, - deydi gretsiyaliklardan biri.