Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog’an 5-mart kuni Moskvada Vladimir Putin bilan Idlibdagi vaziyatni muhokama qilishi kutilmoqda. Erdog’an Putinni sulhga ko’ndirishga umid qilmoqda.
Turkiya va Rossiya Suriyada qarama-qarshi tomonlarni qo’llab-quvvatlamoqda.
Turkiya Mudofaa vazirligining bir kun oldin ma’lum qilishicha, Suriya shimoli-g’arbida Bashar Assad qo’shinlariga qarshi harbiy amaliyot muvaffaqiyatli kechayotganiga qaramay Turkiyaning Rossiya bilan to’qnashish istagi ham, rejasi ham yo’q.
BMT tergovchilarining Suriya urushi bo’yicha so’nggi xulosalariga ko’ra, Rossiya ham, Turkiya ham Suriyada urush jinoyatlariga qo’l urgan bo’lishi mumkin.
BMT komissiyasi Rossiyani iyul va avgust oylarida Idlibda tinch fuqarolarni o’qqa tutganlikda, Turkiyani esa kurdlar yashovchi Afrinda mahalliy xalqni urib o’ldirganlikda ayblamoqda. Turkiyadan madad olayotgan Suriya Ozod armiyasi isyonchilari ham jinoyatlarga sherik ekani aytilmoqda.
Bu o’rtada Suriya armiyasi o’tgan hafta isyonchilarga boy berilgan Saraqib shahrini qayta ishg’ol qilgan. Turk qo’shinlari esa ilk bor amaliyotda o’nlab harbiy dronlarni ishga solgan.
Facebook Forum