Breaking News

Erdog'an: Suriyadagi kurd terrorchilarini yo'q qilamiz


Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog'an
Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog'an

Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog'an AQSh ittifoqchisi bo'lgan kurdlarga qarshi Suriyada harbiy amaliyot boshlanishi haqida yana bir bor tahdid qildi. Turkiya harbiy kuchlari chegaraga keltirilgan.

Prezident Erdog'an yana bir bor Suriyadagi kurd guruhlariga qarshi qo'shin tortishi haqida eslatdi. Vashington IShIDga qarshi kurashda kurdlar yordamiga tayanib keladi. Anqaraga ko'ra esa, bu guruh terrorchi tashkilot bo'lib, Turkiyadagi kurd isyonchilariga aloqador. Erdo'gan parlamentga qilgan murojaatida harbiy amaliyot tez orada boshlanishi mumkinligi haqida ogohlantirdi.

"Erta-indin yoki qisqa muddat ichida biz Afrin va Manbijdan boshlab, Suriyadagi terror uyalarini birin-ketin yo'q qilamiz", - dedi Turkiya rahbari.

Erdog'an tilga olgan har ikki hudud kurdlar nazoratida. Turkiya prezidenti kurd jangarilari yuzasidan Anqara xavotirlariga NATO yetarli e'tibor qaratmayotganini ham tanqid qildi.

"Hamkorlaringizdan biriga kimdir zug'um qilsa, unga qarshi hujum qilishga burchlisiz", - dedi u.

Turkiya qo'shinlari qo'mondoni Hulusi Akar shu hafta Bryusselda NATO rasmiylari bilan uchrashdi. Bu yerda u AQSh qo'mondoni general Jozef Danford bilan ham muloqot qilishi rejalangan. Uchrashuvda Suriya chegarasida maxsus qo'shin yaratish haqidagi Vashington rejasi yuzasidan Anqara xavotirlari izhor qilinishi kutilyapti.

30 ming kishilik qo'shin yaratish rejasi Turkiyaning jiddiy noroziligiga sabab bo'lmoqda. Shu bois Erdog'an kurdlarga qarshi harbiy chora ko'rishi haqida tahdid qildi. Kurdlarning "terror armiyasi" kuch bilan yo'q qilinadi, dedi Turkiya prezidenti. AQSh esa chegaradagi kuchli armiya IShIDning kelajakdagi hujumlarini qaytarish uchun muhim ekanini aytadi.

Kurd kuchlari chegara yaqinida yangi hududlarni qo'lga kiritib borar ekan, Anqara ilgari ham ularga qarshi tahdidlar qilgan. So'nggi ogohlantirish o'ta jiddiy ekani aytilmoqda.

Erdog'anning aytishicha, rejalangan harbiy amaliyotda Suriya isyonchilari ham ishtirok etadi. Turkiya chegaradagi askarlari sonini oshirib borar ekan, ayni paytda kurd jangchilari manzillariga so'nggi bir necha kun ichida havodan o'q yog'dirdi.

Vashington Suriyadagi kurdlarni qo'llab-quvvatlashni boshlagandan beri Turkiya-AQSh aloqalari keskin yomonlashdi. 2017-yil noyabrda Erdog'an Tramp kurd isyonchilarini qo'llab-quvvatlamaslikka va'da berdi, deb aytgach, o'rtadagi ziddiyat biroz yumshagan edi. Ammo AQSh bu da'voni tasdiqlamadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG