Breaking News

AQSh Turkiya elchisining rezidensiyasi yonidagi zo'ravonlikni qoraladi


Vashingtondagi namoyishlar
Vashingtondagi namoyishlar

AQSh Davlat departamenti seshanba kuni Vashingtonda Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog'an tarafdorlari va tanqidchilari o'rtasidagi to'qnashuv yuzasidan xavotir bildirmoqda.

Ba'zi AQSh rasmiylari Turkiya elchisi rezidensiyasi tashqarisidagi janjalda Erdog'an tarafdorlarini aybladi.

"Zo'ravonlik so'z erkinligiga to'g'ri javob bo'la olmaydi. Biz odamlarning so'z erkinligi va tinch namoyishda qatnashish huquqini hamma joyda qo'llab-quvvatlaymiz", - dedi Davlat departamenti matbuot kotibasi Xezer Noyert.

Vashington shahar politsiyasining ma'lum qilishicha, janjal paytida hibsga olinganlardan ikkisi Erdog'anning soqchilari bo'lgan.

Turkiya elchixonasi Kurdiston ishchilar partiyasiga aloqador guruhlarni bu ishda ayblab, ular Erdog'anni olqishlash uchun to'plangan turkiyalik amerikaliklarning ataylab jig'iga tekkan, dedi.

To'qnashuv paytida 11 kishi jarohat olgan. Erdog'an shu kuni Oq uyda Donald Tramp bilan uchrashdi. Oq uy qarshisida ham ikki taraf namoyish qilgan, biroq ularni Vashington politsiyasi va turk prezidentining xavfsizlik xizmati xodimlari ajratib turgan.

Elchi rezidensiyasi yonidagi voqeada bu xodimlarning ba'zilari namoyishchilarga qarshi kuch ishlatgan, bu manzara "Amerika Ovozi"ning Turk xizmati tasvirchisi suratga olgan videoda aks ettirilgan.

Arizona shtatidan senator Jon Makkeyn voqeani izohlar ekan, Erdog'an tarafdorlarini zo'ravonlikda aybladi.

"Bu qilmishlari uchun Turkiya elchisini AQShdan haydash kerak", - dedi u.

Vashington meri Muriel Bauzer ham zo'ravonlikni Vashington qadriyatlariga zid deya qoraladi.

"Amerika Ovozi"ning Turk xizmati jurnalistlariga ko'ra, namoyishchilarning bir qismi Turkiya parlamentining kurd deputati Salohiddin Demirtosh tarafdorlari bo'lib, ular arbobning qamoqdan ozod etilishini talab qilib namoyishga chiqqan.

Xalq demokratik partiyasining hamraisi 2014-yil prezident saylovlarida qatnashib, uchinchi o'rinni olgan edi. 2016-yil noyabrida Demirtosh Kurdiston ishchilar partiyasiga xayrixohlikda ayblanib, hibsga olindi. Prokurorlar suddan uni 142 yilga qamashni talab qilmoqda.

Namoyishchilar orasida amerikalik armanlar ham bo'lgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG