Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog’an ertaga Prezident Donald Tramp bilan ilk bor uchrashadi. Turkiya rahbari to’rt yildan beri Oq uyda bo’lmagan edi. Erdog’an va Tramp Suriyadagi vaziyatni muhokama qilishi aniq, chunki Turkiya AQShning kurdlarga berayotgan yordamidan tashvishda.
Anqara suriyalik kurdlarni Kurdiston ishchilar partiyasi bilan til biriktirganlikda ayblab keladi. Biroq Qo’shma Shtatlar uchun muhimi Suriyada “Islomiy davlat” jangari to’dasini yengish, kurdlar esa ularga qarshi samarali kurashayotgan kuchlardan hisoblanadi.
Ayni damda jihodchilarning Suriya shimolidagi poytaxti Raqqaga hujum rejalanmoqda. AQSh suriyalik kurdlarni qurollantirishi haqida o’tgan hafta e’lon qildi.
"Erdog’an bu ishga qarshi, ammo kurdlardan boshqasi Raqqani qo’lga kirita olmaydi”, - deydi Vashingtondagi Vudro Vilson nomidagi tahlil markazi eksperti Genri Barki.
Unga ko’ra, Tramp “Islomiy davlat”ni yengishni o’ziga bosh maqsad qilib olgan.
"Raqqa qo’lga kiritilsa, “Islomiy davlat”ni mag’lub etish osonlashadi va Tramp bu ishni uddaladim deyishni istaydi, chunki Obamaning qo’lidan kelmagan edi", - deydi vashingtonlik mutaxassis.
AQSh harbiylariga ko’ra, bu ishni suriyalik kurdlar bilan ittifoq orqaligina uddalash mumkin.
"Raqqani boshqa hech kim zabt eta olmaydi. Buni Mambij shahri misolida ko’rdik. Kurdlar Raqqa operatsiyasiga anchadan beri hozirlanishmoqda”, - deydi Barki.
Shunga qaramay, Erdog’an Vashington kurdlarni qurojlantirish rejasidan qaytadi, deya umid qilmoqda.
Erdog’an, shuningdek, Trampdan AQShda yashovchi turk imomi Fathulla Gulenni Turkiyaga ekstraditsiya qilishni so’rashi ham kutilmoqda. Anqara Gulenni davlat to’ntarishiga harakatda ayblaydi.
Bu o'rtada Suriyada Prezident Bashar Assadga sodiq armiya poytaxt Damashq va uning atrofini jangarilardan tozalarkan, 1500 isyonchi oilalari bilan hududni tark etishga majbur bo’ldi.
O’tgan hafta hukumat kuchlari shaharning Qabun tumanini ishg’ol qilganidan so’ng isyonchilar hukumat bilan muzokaradan so’ng evakuatsiyaga rozi bo’ldi. Ular Turkiya chegarasiga yaqin hududlarga yo’l olgan.
Damashqning shimoliy va sharqiy tumanlari o’tgan haftagacha isyonchilar qo’lida edi, biroq Suriya armiyasi va Rossiya harbiy-havo kuchlarining tinimsiz havo hujumlari isyonchilarni evakuatsiya shartlarini qabul qilishga majbur etdi. Bundan tashqari, isyonchilar nazoratida bo’lgan uch tumanni bir-biriga birlashtiruvchi yerosti tunnellari aniqlanib, vayron etildi.