2-avgust kuni AQSh rasman O’rta va qisqa masofali raketalarni yo’q qilish bitimidan chiqdi. 1987-yilda imzolangan shartnoma kuchini yo’qotdi.
Osiyo va Tinch okeani mintaqasi bo’ylab safarga chiqqan AQSh Mudofaa vaziri Mark Esper Osiyoda o’rta masofali raketalarni joylashtirish xususida gaplashmoqchi ekanini aytgan.
“Shunday rejamiz bor. Gap oddiy qurollar haqida ketmoqda”, - dedi 23-iyul kuni Pentagonda rasman ish boshlagan Esper.
AQSh raketalarining Osiyoda joylashtirilishi harbiy qudrati oshayotgan Xitoyni jilovlashga qaratilgan.
“Xitoy tasarrufidagi raketalarning 80 foizi qisqa va o’rta masofalidir. Biz ham shunday salohiyatga ega bo’lishni rejalayotganimiz Xitoyni ajablantirmasligi kerak”, - dedi AQSh vaziri.
Ekspertlarga ko’ra, AQSh harbiy salohiyatining Osiyo va Tinch okeani mintaqasida kuchayishi Xitoy bilan mojaro ehtimoli uchun muhimdir.
Vashingtonlik tahlilchi Bredli Baumanning aytishicha, agar mojaro boshlansa, ta’minot tizimi yo’lga qo’yilgan bo’lishi kerak, chunki qo’shin va qurollarni okean ortiga havo va dengiz bilan yo’llash juda ko’p vaqt oladi.
Esper Avstraliyada bo’ldi, Yangi Zelandiya, Yaponiya, Janubiy Koreya va Mongoliyaga tashriflar ham rejalangan.
Yana bir tahlilchi Rudi de Leonning aytishicha, Shimoliy Koreya raketa sinovlari ham tahdid, chunki ular AQShning Yaponiyadagi harbiy bazalariga xavf tug’dirmoqda.
Esperga ko’ra, Shimoliy Koreya tahdidi oldingiday emas, vaziyat ancha barqaror. Ikki yil oldin Pxenyan 17 ta, jumladan qit’alararo ballistik raketa sinovlarini o’tkazgan edi.
Facebook Forum