Breaking News

Esper namoyishlarni muntazam armiya yordamida bostirishga qarshi


Mudofaa vaziri Mark Esper va Prezident Tramp
Mudofaa vaziri Mark Esper va Prezident Tramp

AQShning ko’plab shaharlarida politsiya zo’ravonligi va irqchilikka qarshi namoyishlar davom etmoqda. Joriy etilgan komendant soati hamda koronavirusga qaramay, o’n minglab odam ko’chaga chiqqan.

Hafta boshida Prezident Donald Tramp namoyishlarni bostirish uchun gubernator ruxsatisiz shtatlarga muntazam armiya kuchlarini kiritish vakolatini beruvchi qonunni ishga solishga do’q-po’pisa qilgan edi, biroq Mudofaa vaziri Mark Esperning aytishicha, muntazam qo’shinlar faqat favqulodda va og’ir vaziyatlarda jalb qilinishi kerak.

“Hozir vaziyat unday emas. “Isyon haqidagi qonun” kuchga kiritilishiga qarshiman”, - dedi u.

So’nggi ikki kun poytaxt Vashingtondagi namoyishlar tinch o’tganidan so’ng Esper bungacha ko’chaga safarbar etilgan 200 askarga bazaga qaytishni buyurdi, biroq Oq uydagi uchrashuv ketidan qarorini o’zgartirdi.

Trampning namoyishlarni bostirishga qaratilgan harakatlari va choralari uning reytingini tushirib yubordi.

“1960-yillardan beri eng katta va keskin ijtimoiy notinchliklarga guvoh bo’lyapmiz. Qayta saylanmoqchi bo’lgan prezident uchun muhit yaxshi emas. Vaziyatni yaxshilash va reytingini tiklash uchun ko’p ishlar qilishi kerak. Ayni damda Tramp prezidentlikka poygada peshqadam emas”, - deydi Virjiniya universitetida Siyosat markazi rahbari Larri Sabato.

Namoyishlar Minneapolis shahrida qora tanli bir odamning oq tanli politsiyachi qo’lidan o’lishi ketidan boshlangan. AQShning hayotdagi barcha sobiq prezidentlari, jumladan, Jimmi Karter, Jorj Bush va Bill Klinton Jorj Floyd o’limini qoraladi.

Obama merlarni shahardagi huquq-tartibot idoralari ishini qayta ko’rib chiqishga chaqirdi.

“Namoyishlarga nazar tashlarkansiz, Amerika ko’chalariga chiqqan, adolatsizliklardan charchab, chora ko’rishga majbur bo’lgan turli xil odamlarni ko’rsa bo’ladi”, - dedi Obama.

Namoyishlar AQShdagi irqiy tengsizlikning turli qatlamlarini oshkor etdi.

“Xoh uy-joy masalasi bo’lsin, xoh bandlik, xoh davlat maktablari, irqiy tengsizlikni hammasida ko’rish mumkin. Davlat maktablaridan qamoqxonagacha bo’lgan yo’l haqida ko’p gapiramiz. Muammo faqat yomon politsiyachi yoki politsiya kameralarida emas. Millionlab amerikaliklar uchun tizim tubdan buzuq va xato bo’lgani uchun ko’chada bu qadar ko’p odamlarni ko’ryapmiz”, - dedi Texas universitetidan Peniyel Jozef.

Avvaliga Jorj Floydning o’limi uchun ehtiyotsizlik sabab qotillik sodir etgan deb uchinchi darajali qotillikda ayblangan politsiyachi Derek Shovinga qarshi ayblov o’zgartirilib, u endi ikkinchi darajali qotillikda ayblanmoqda, ya’ni niyatsiz qasddan o’ldirishda. Shovin atrofida turgan uch politsiyachiga qotillikka yordam berish va uni qo’zg’atish ayblovi qo’yildi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG