Yevropa Ittifoqi rasmiylari O’rta dengiz bo’yidagi davlatlarga sarmoyalarni oshirishga chaqirmoqda. Ular nazarida, Xitoy “Kamar va yo’l tashabbusi” doirasida mintaqadagi muhim infratuzilmani sotib olgan yoki uni moliyalashtirgan.
Masalan, Barselona shahridagi bandargoh ispan kompaniyalariga qarashli edi, ammo hozir u Xitoy shirkati qo’lida.
“Oxirgi 25 yilda bu yerdagi ko’p kompaniyalarni xitoyliklar, turklar, ruslar, amerikaliklar sotib oldi”, - deydi port vakili Katalina Grimalt.
25 yil oldin Yevropa Ittifoqi “O’rta dengiz ittifoqi” deb nomlangan davlatlaro tashkilot tuzib, u orqali mintaqadagi mamlakatlar bilan iqtisodiy va siyosiy aloqalarni rivojlantirishni ko’zda tutgan edi. 42 mamlakat a’zoligidagi guruh xalqaro raqobatga yuz tutmoqda, deydi Yevropa Ittifoqining tashqi aloqalarga mas’ul rasmiysi Jozep Borell.
“Bu mintaqada vaziyat ayrim yo’nalishlarda yomonlashgan. Maqsadlarimizning ba’zilariga erisha olmadik. Muammolarni kollektiv ravishda hal qilishga muvaffaq bo’la olmadik”, - deydi u.
Borellning aytishicha, Shimoliy Afrika mamlakatlari bilan savdo istiqboli hozirgidan to’rt baravardir, biroq a’zo davlatlar orasida muvofiqlashtiruvning yetishmasligi natijasida Xitoy va Rossiya kabi mamlakatlarga Shimoliy Afrika va Janubiy Yevropada ta’sirini kuchaytirishga imkon tug’ildi.
"Milliy byudjetlardan bu tashabbus uchun yetarlicha mablag’ yoq’ligini tan olishimiz kerak. Xususiy sarmoyalarni kuchaytirish zarur”, - dedi u.
Xitoy Osiyo, Afrika va Yevropani bir-biriga ulashni ko’zda tutgan “Kamar va yo’l tashabbusi” orqali O’rta dengiz mintaqasida transport tizimini o’rnatdi, suvosti kabellarini uzatdi, 5G mobil tarmog’ini yo’lga qo’ydi.
Barselonalik tahlilchi Eduard Martin Linerosning aytishicha, raqamli infratuzilma 21-asrda texnologik ustunlik uchun raqobatni belgilaydi. Unga ko’ra, Yevropa Ittifoqi bu ishda raqobatbardosh bo’lishni istasa, kattaroq moliya ajratishi kerak.
“Yevropada davlat va xususiy sektorlardagi aloqani kuchaytirish lozim, agar zarur miqdorda sarmoya jamlashni istasak”, - deydi u.
Xitoy hozir Yevropaning bir necha bandargohidagi hissalarga egalik qiladi. Xitoy sarmoyasi natijasida inshootlar yangilandi, zamonaviylashdi. Yevropa o’z maydonida strategik manfaatlarini himoya qilish dilemmasi bilan yuzlashmoqda.
Facebook Forum