Breaking News

Yevropa Ittifoqi Tramp g'alabasidan sarosimada


Yevropa Komissiyasi raisi Jan-Klod Yunker fikricha Donald Tramp prezidentligi xavotirli masala
Yevropa Komissiyasi raisi Jan-Klod Yunker fikricha Donald Tramp prezidentligi xavotirli masala

Donald Trampdek shaxsning AQSh prezidenti etib saylangani Yevropa Ittifoqini xavotirga solmoqda, deydi blok komissiyasi raisi Jan-Klod Yunker. Amerika bilan aloqalar ittifoq uchun nihoyatda muhim. Tramp bu masalalarga jiddiy qaramay kelgan.

Lyuksemburgda talabalar oldida so'zlar ekan, Yunker Trampni Yevropa bilan yaqindan tanshib, o'zaro manfaatlar va kelishuvlarni izchil o'rganishga chaqirdi.

“Umuman olganda”, - deydi Yunker, “Amerika siyosiy doiralari Yevropa bilan uncha qiziqmaydi. Masalan, Tramp uchun Belgiya kichik bir qishloq emish. Saylov kampaniyasida u shunday dedi. Demak, biz AQShning yangi prezidentiga Yevropa nima ekanini o'rgatishimiz kerak”.

Tramp NATOni tanqid qilib keladi, NATO esa Yevropa mudofaasi uchun o'ta muhim tashkilot.

Yunker Trampning qochqinlar, immigrantlar, musulmonlar haqida aytib kelayotgan keskin gaplarini eslab, prezidentlikka kelgach bu "qo'rqinchli qarashlaridan qaytadi",- deya umid bildirdi.

Yevropa Ittifoqi nazarida Rossiya agressiv siyosatini davom ettirib, g'arbiy qo'shnilariga nisbatan bosimni pasaytirmaydi.

Federatsiya rahbari Vladimir Putin Tramp g'alabasidan xursand va u bilan ishlashga tayyor. Amerika agar Rossiya atrofidagi davlatlarga yordamni kesib, ularda yuz o'girsa, butun Yevropa xavfsizligi ham tahdid ostida qoladi degan xavotir hukmron.

Yunker bor gapni aytdi, deydi siyosiy sharhlovchilar, diplomatik bayonotlarga hojat yo'q: Donald Tramp Yevropani bilmaydi tushunmaydi.

Terrorizm, Ukraina, Rossiya, Suriya, Afg'oniston va boshqa ko'plab masalalarda AQSh va Yevropa bir yoqadan bosh chiqarib kelmoqda. Tramp buni qanchalik o'zgartiradi yoki o'zgartirmaydi? Yevropa uning prezidentligini sarosima bilan kutmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG