Breaking News

Yevropa Ittifoqi Gretsiyaga migrantlar uchun 780 million dollar bermoqchi


Afg'onistonlik migrantlar Gretsiyaga yaqinlashmoqda
Afg'onistonlik migrantlar Gretsiyaga yaqinlashmoqda

Yevropa Ittifoqi Gretsiya chegarasidagi yangi migrantlar oqimi bilan bog’liq muammolarni hal etish uchun bu mamlakatga 780 million dollar bermoqchi. Gretsiya Turkiya bilan chegarasini yopib, xavfsizlik choralarini kuchaytirgan. Yevropa Ittifoqi bu vaziyatda migrantlarga chegarasini ochib bergan Turkiyani ayblamoqda.

Turkiya hukumati tarqatgan videoda Gretsiya sohil xavfsizligi xodimlarining Egey dengizi bo’yidagi Lesbos oroli yonida Gretsiya tomon qayiqlarda suzib kelayotgan migrantlarni to’xtatishga harakat qilayotganini ko’rish mumkin. Chegarachilar suvga o’q otib, ularni ortga qaytarmoqchi.

Gretsiya tarqatgan videoda esa Turkiya patrulining qayiqdagi migrantlarga Gretsiya sohiliga yetishiga yordam berayotgani tasvirlangan.

Yevropa Ittifoqi komissiyasi, kengashi va parlamenti raislari Gretsiyaning quruqlikdagi chegarasiga borib, Afinaga dalda berishga harakat qildi. 2015-yilgi migrantlar inqirozining takrorlanishini istamayotgan ittifoq Gretsiyaga 780 million dollardan oshiq pul va’da qilmoqda.

“Bu nafaqat Gretsiya chegarasi, balki Yevropa chegarasi hamdir. Bugun yevropalik sifatida siz bilan turibman. Yolg’on va’dalarga uchib, mana shunday tushkunlikka tushib qolgan migrantlarga achinyapman”, - dedi Yevropa Komissiyasi prezidenti Ursula fon der Leyen.

Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog’an mamlakatidagi migrantlarni Yevropaga chiqishga da’vat etganidan so’ng minglab odam Gretsiya tomon yo’l oldi.

“Tez orada chegarada millionlab odamlarga guvoh bo’lasiz”, - dedi Erdog’an.

Suriyaning Idlib viloyatiga qo’shin tortgan Erdog’an Yevropa Ittifoqini uning amaliyotini qo’llab-quvvatlamaganlikda aybladi.

Gretsiya tomon otlangan migrantlarning aksariyati afg’onistonlik. Eron, Iroq, Suriya va boshqa mamlakatlardan ham odamlar bor.

“So’nggi kunlarda Gretsiyaga kirishga harakat qilayotgan o’n minglab odamlar Idlibdan kelgani yo’q. Ular ancha paytdan beri Turkiyada xavfsiz yashab kelayotgan edi. Yevropa Turkiyaning bunday shantajiga yon bermaydi”, - dedi Gretsiya Bosh vaziri Kiriakos Mitsotakis.

Inson huquqlari guruhlari Yevropa chorasini tanqid qilmoqda.

“Yevropa birdamlik ko’rsatibgina qolmay, migrantlarni qabul qilish va siyosiy boshpana uchun berilgan arizalarni ko’rib chiqish uchun mas’uliyatni ham o’z bo’yniga ola bilishi lozim. Uning birdamligi odamlarni Yevropadan uzoqroq tutishdan iborat”, - deydi “Human Rights Watch” tashkilotidan Ben Vord.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG