Breaking News

Turkiyadan Gretsiyaga borgan migrantlar ortga qaytariladi


Turkiya Bosh vaziri Ahmat Dovuto’g’li (chapda) Yevropa Komissiyasi Prezidenti Jan-Klod Yunker (o'ngda) va Yevropa Kengashi Prezidenti Donald Tusk bilan, Bryussel, Belgiya, 8-mart, 2016-yil
Turkiya Bosh vaziri Ahmat Dovuto’g’li (chapda) Yevropa Komissiyasi Prezidenti Jan-Klod Yunker (o'ngda) va Yevropa Kengashi Prezidenti Donald Tusk bilan, Bryussel, Belgiya, 8-mart, 2016-yil

Yevropa Ittifoqi va Turkiya Yevropaga kelayotgan migrantlar oqimini to’xtatish choralari xususida kelishgani aytilmoqda.

Yevropa Kengashi Prezidenti Donald Tuskning aytishicha, muhojirlar endi Bolqon davlatlari orqali G’arbiy Yevropaga kelolmaydi - yo’l yopilgan.

Gretsiyaga Turkiya orqali kelgan minglab qochqinlar ortga qaytariladi. Anqara Yevropadan chiqarib yuborilgan har bir suriyalik o’rniga Turkiyada rasmiy qochqin maqomini olgan suriyalikni qabul qilishni taklif etmoqda.

Boshqa mamlakatdan kelgan migrantlarning qochqinlik arizasi alohida ko’rib chiqiladi.

Turkiya Bosh vaziri Ahmat Dovuto’g’lining aytishicha, bunday mexanizm muhohirlarning noqonuniy yo’l bilan kelishining oldini oladi va inson savdogarlarining biznesiga bolta uradi.

"Odamlar Yevropaga qonuniy yo’l bilan, tartibli ravishda borsin", - deydi u.

Ayni damda 36 ming migrant Gretsiya-Makedoniya chegarasida turib qolgan, Bolqon davlatlari shimol tarafda chegaralarni yopgan.

Kelishuv evaziga Turkiya Yevropa Ittifoqidan o’z hududidagi salkam uch million suriyalik qochqin uchun 6,6 milliard dollar berishni hamda Yevropa Ittifoqi bilan vizasiz bordi-keldini yo’lga qo’yishni, Yevropa Ittifoqiga a’zo bo’lish jarayonini tezlatishni so’ragan, Yevropa Ittifoqi Turkiyadan uch milliard dollardan sal ko'proq berishga hamda qolgan ikki masalani ham ijobiy hal qilishga rozi bo'ldi.

Biroq Inson huquqlari bilan shug’ullanuvchi “Xalqaro Amnistiya” tashkilotiga ko’ra, kelishuv muammoni hal etmaydi, suriyaliklar hayotini tahdid ostiga qo’yib, dengiz orqali Gretsiyaga kelishda davom etaveradi.

"Turkiyani qochqinlar uchun xavfsiz manzil deb bo’lmaydi", - deydi tashkilot vakili Gauri van Gulik.

Uning fikricha, inson savdosiga chek qo’yish uchun qochqinlarga Yevropaga borishning muqobil yo’llarini taklif etish kerak.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG