Breaking News

Yevropa Ittifoqi: Turkiyada matbuot erkinligi bilan bog’liq vaziyat qoniqarsiz


Yevropa Ittifoqi: Turkiyada matbuot erkinligi bilan bog’liq vaziyat qoniqarsiz
Yevropa Ittifoqi: Turkiyada matbuot erkinligi bilan bog’liq vaziyat qoniqarsiz

Yevropa Ittifoqi so’nggi hisobotida Turkiya hukumati amalga oshirgan islohotlarni olqishlar ekan, matbuot erkinligi kabi demokratik huquqlarga ko’proq e’tibor qaratish kerak, deya eslatmoqda.

Hozirda Turkiyada 40 qa yaqin jurnalist qamoqda yoki sudlanish arafasida. Hukmron partiyani tanqid qilgan muxbirlar ishdan olingan. Tanqidiy maqola yozgan jurnalistlarga bosim tufayli ichki senzura rivojlanmoqda, deyiladi Yevropa Ittifoqi hisobotida.

Chegara Bilmas Muxbirlar tashkiloti Turkiyani matbuot erkinligi bo’yicha reytingda 178 mamlakat orasida 138-o’ringa qo’yadi.

Rasmiy Anqara ayni damda Kipr Respublikasi bilan aloqalarni ham normallashtirishi zarur. Yevropa Ittifoqiga kirish shartlaridan biri shu.

“Konstitutsion ishlohotlar bobida progress bor, ammo a’zo o’lkalar nazarida o’zaro muzokaralar sekin kechyapti”, - deydi ittifoqi vakili Stefan Ful.

“Turkiya Kipr Respublikasi bilan ikki tomonlama aloqalarni qayta boshlashga doir protokolga amal qilishi kerak”.

Rasmiy Anqara Kipr Respublikasiga havo va dengiz portlaridan foydalanishga ruxsat bermay keladi. Kipr 1974-yildan beri turk va grek jamoalariga bo’lingan. Janubiy qismi Yevropa Ittifoqiga a’zo, lekin “Shimoliy QibrisTurk Jumhuriyati” yolg’iz Anqara tomonidan tan olinadi.

Qibrisning turk jamoasi rahbari Darvish Erog’li va grek jamoasi prezidenti Dimitris Kristofias orolni birlashtirish mavzusini o’tgan hafta ham muhokama qilishgan. Oldingi muzokaralar samara berganicha yo’q.

Britaniya sobiq tashqi ishlar vaziri Jek Stro Yevropa-Turkiya aloqalariga to’xtalar ekan, Qibris masalasidagi kelishmovchilik yuzasidan Kipr greklarini ayblagan.

“Tashkilotga a’zo Kipr greklari mayda masalalarni ro’kach qilib, Turkiyaning Yevropa Ittifoqiga qo’shilishini to’xtatish harakatida”, - deydi sobiq diplomat.

Uning aytishicha, a’zolik jarayonida Turkiyaga nisbatan ancha qattiq muomala qilinyapti. Ruminiya yoki Bolgariya a’zo bo’layotganda bunday hol kuzatilmagan.

Jek Stro aytishicha, BMT doirasida o’tkaziladigan muzokaralarda kiprlik turk va grek rahbarlari kelishib olmasa, Britaniya Kipr orolini ikkiga bo’lish masalasini o’rtaga tashlashi mumkin.

Kipr Respublikasi, shunday bo’lgan taqdirda, Britaniyaning oroldagi ikki harbiy bazasini yopishi haqida ogohlantirgan.

Qiyinchiliklarga qaramay, Turkiya Yevropa Ittifoqiga a’zo bo’lishga qaratilgan muzokaralarni davom ettirmoqda. Prezident Abdulla Gul yaqinda Londonga qilgan safari chog’ida jahonda siyosiy va iqtisodiy muvozanat sharq tomon o’zgarayotganiga urg’u berib, Yevropa Turkiyani qabul qilishdan manfaatdor degan.

“Yevropa Ittifoqining siyosati va iqtisodiyoti mustahkamlanadi”, - deydi Abdulla Gul.

Rasmiy Anqara tashkilotga a’zo bo’lish uchun 20 yildan buyon muzokara olib boradi. Fransiya kabi davlatlar qarshilik ko’rsatishda davom etar ekan, jarayon uzoq cho’zilishi mumkin.

XS
SM
MD
LG