Breaking News

Yevropa Ittifoqi Ukrainadan islohotlarni chuqurlashtirishni talab qilmoqda


Dushanba kuni Ukraina hukumati Bryusselda Yevropa Ittifoqi bilan navbatdagi muzokaralarni o’tkazadi. Ittifoq Kiyevdan islohotlarni chuqurlashtirishni, korrupsiyaga qarshi kurashni kuchaytirishni talab qilmoqda.

Yevropa Ittifoqi Ukrainadan islohotlarni chuqurlashtirishni talab qilmoqda
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:47 0:00

“Korrupsiya ko’lamining hali ham kattaligi odamlarni g’azabga solmoqda”, - deydi Yevropa Ittifoqining korrupsiyaga qarshi tashabbusi vakili Vladimir Sologub.

Ichki islohotlarni chuqurlashtirish evaziga Yevropa Ittifoqi may oyida Ukrainaga 1,2 milliard dollarlik moliyaviy yordam berishga qaror qildi.

“Ukrainada Milliy aksil-korrupsiya byurosi ishlaydi. Poraxo’r politsiya xizmatidan alohida. Ishini yaxshi qiladi. Byuro mustaqil, ammo poraxo’r amaldorlarni qamatish vakolati yo’q, sud tizimini isloh qilish kerak buning uchun”, - deydi London kolleji universiteti professori Endryu Uilson.

Unga ko’ra, islohotlar mana shunga kelganda to’xtab qolgan.

“Ukrainaga alohida aksil-korrupsion sud tashkil etish tavsiya etilgan. Tashkil etishdi, ammo uning mustaqilligiga hech kim ishonmaydi, soxta sud”, - deydi Uilson.

Haqiqiy sud tizimi islohotidan darak yo’q.

“Hukumat 2019-yil saylovlariga hozirdan tayyorgarlik ko’rarkan, bu islohotlarni qanday amalga oshirishi ma’lum emas”, - deydi Xalqaro strategik izlanishlar institutidan Anastasiya Voronkova.

Yevropa Ittifoqi va Ukraina o’rtasidagi hamkorlik kelishuvi bir yil oldin imzolangan. Ko’p ukrainaliklar buning ketidan iqtisodiy imkoniyatlar oqib keladi, qonun ustuvorligi kuchayadi, korrupsiya susayadi deb o’ylagan edi.

“Yevropa Ittifoqiga eksport hajmi kengaymoqda, biroq Ukraina iqtisodiyotiga ta’sir qiladigan darajada emas. Ukraina ko’p foyda ko’rmadi degan fikr mavjud mamlakatda”, - deydi professor Uilson.

O’tgan hafta Rossiyaga qarshi sanksiyalar muddatini uzaytirgan Yevropa Ittifoqi sammitda Ukraina hududiy daxlsizligini yana bir bor himoya qilishi aytilmoqda.

“Ukraina sharqidagi mojaroning yanada kuchaymasligi uchun tashqi bosimning bo’lgani yaxshi. Ukraina yolg’iz o’zi mojaroni hal qila olmaydi”, - deydi Voronkova.

AQSh Prezidenti Donald Tramp 16-iyul kuni Xelsinkida Vladimir Putin bilan ko’rishadi. Ukraina mavzusi ham muhokama qilinishi kutilmoqda. Qo’shma Shtatlar Qrim bo’yicha pozitsiyasi o’zgarmaganini bildirmoqda, ya’ni AQSh Qrimni Ukraina hududi deb bilishda davom etmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG