Breaking News

Yevropa Ittifoqi 14 mamlakat bilan bordi-keldini tiklamoqda, AQSh bu ro'yxatda yo'q


Koronavirus pandemiyasi sabab joriy etilgan bir necha oylik karantin tugashi ketidan Yevropa Ittifoqi 1-iyuldan 14 mamlakat bilan chegaralarini ocha boshladi. Bu ro’yxatda koronavirus bilan kasallanganlar soni bo’yicha dunyoda birinchi o’rinda turgan AQSh yo’q.

Xalqaro hayot – 3-iyul, 2020-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:08:34 0:00

Shu kunlarda Parijning huvillab qolgan ko’chalarida amerikalik sayyohlarni ko’rmaysiz.

“Mart oyida hamma narsa bekor bo’ldi. Shokka tushdik. Bu joylar odatda Pasxada gavjum bo’lardi. Yozda ham. Sentabrda ham. Hammasi bekor bo’ldi”, - deydi Rozmeri Flanneri ismli yozuvchi.

Parij sayyohlikdan katta daromad ko’radi, shaharliklarning salkam 10 foizi shu sohada band. Sayyohlarning ko’pi odatda AQShdan.

“Amerikalik sayyohlar ayojib. Ular Parijni sevadi. Fransiyaga mehr qo’yishgan. Ularga bu yerda hamma narsa yoqadi. Turmush tarzi, taomlar, daryo, arxitektura”, - deydi Flanneri.

Biroq hozircha amerikaliklar Yevropa Ittifoqiga kela olmaydi. Yangi ro’yxatda Kanada, Tunis kabi mamlakatlar fuqarolariga qit’aga kelishga ruxsat bor. Xitoy Yevropa Ittifoqiga darvozasini ochsa, xitoylik fuqarolarga ham Yevropaga yo’llar ochiladi. Koronavirus bilan bog’liq vaziyat o’zgargani sari ro’yxat ham muntazam ravishda yangilanib turadi.

AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeoning o’tgan oy aytishicha, Qo’shma Shtatlar Yevropa Ittifoqi bilan bordi-keldini xavfsiz darajada tiklash xususida gaplashmoqda.

“Yo’llarni qanday qilib ochish haqida jiddiy gaplashyapmiz. Iqtisodiyotni yurgizish kerak. Buni to’g’ri qilish kerak. Olimlar, sog’liqni saqlash mutasaddilari tavsiyalari asosida”, - degan Pompeo.

Sayyohlar uchun qoidalarni belgilash oson emas. Mart oyida Yevropa pandemiya o’chog’iga aylanganida AQSh yevropaliklarga darvozalarini yopdi. Yevropa ham shunday chora bilan javob berdi. Hozir Yevropada virus yuqtirish sur’ati tushmoqda, Amerikaning ayrim joylarida esa aksincha oshyapti.

“Yevropa AQShda koronavirusga qarshi ko’rilayotgan choralarni samarali deb bilmayotganidan ham chegara yopiqligicha qolayotgan bo’lishi mumkin. Bundan tashqari, AQSh Yevropaga qo’yilgan taqiqni bekor qilmas ekan, Yevropa ham bu ishga qo’l urmaydi”, - deydi “Jak Delor” institutidan Sebastyan Mallar.

Koronavirusga qarshi vaksina va dori ishlab chiqarishda AQSh va Yevropa alohida ish tutmoqda. Aprel oyida Yevropa siyosatchilari AQShni Germaniya uchun Xitoyda buyurtirilgan niqoblarni olib qo’yganlikda aybladi.

“Ittifoqchilardek his qilmadik o’zimizni. Yevropaliklar bu masalada aravasini o’zi tortishi kerakligini anglab yetmoqda”, - deydi Mallar.

Munosabatlar qaysi tomonga burilishidan qat’i nazar, Yevropa Amerika sayyohlarini orziqib kutmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG