Breaking News

O'zbekiston Rossiya boshliq bojxona ittifoqiga kiradimi?


Hozirda Qozog’iston, Rossiya va Belarusni qamragan va yaqin kelajakda Tojikiston, Qirg’iziston va Armaniston ham qo’shilishi kutilayotgan blok O’zbekistonni ham taklif qilmoqda. Lekin Toshkent boshidan uning uchun aynan ikki tomonlama hamkorlik muhim ekanini ta’kidlab kelgan. Yangi ittifoq shakllantirishga kirishgan Moskva uchun bu pozitsiya tabiiyki noqulay.

Rossiya Federatsiya kengashi, ya’ni parlamentning yuqori palatasi rahbari Valentina Matviyenkoning Toshkentga safari O’zbekiston va Rossiya o’rtasidagi munosabat darajasini belgilovchi turli qarama-qarshi xabarlar bilan kuzatildi.

Matviyenko tashrifini yoritgan rus matbuoti avvaliga O’zbekiston Oliy Majlisi Senati raisi Ilgizar Sobirovga tayangan holda bu davlat Bojxona Ittifoqiga qiziqish bildirmoqda deb yozdi.

Keyinroq esa Senat Tashqi aloqalar qo’mitasi raisi Sodiq Safoyev Rossiya qonunchilari bilan o’tgan uchrashuvlarda bu masala umuman muhokama qilinmadi deb chiqdi.

Safoyevning qayd etishicha, O’zbekiston bir paytlar tark etgan Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasiga ham qayta kirmaydi. Toshkentning bu va boshqa bloklarga nisbatan pozitsiyasi o’zgarmagan.

O’zbekistonning Bojxona Ittifoqiga qo’shish masalasi oktabr oyida Minskda o’tgan sammitda ham ko’tarilgan edi.

Rossiyalik ekspert, “Geopolitika” jurnali bosh muharriri Leonid Savin “Golos Rossii” radiosiga bergan intervyusida deydiki, Rossiya prezidenti Vladimir Putin Minskdagi muloqotda O’zbekiston prezidentiga “bojxona ittifoqiga kiring” deb aytgan.

Kreml doirasidagi ekspertlarning aksariyati odatda Toshkentga nisbatan ancha ziddiyatli fikrlar bildirib keladi. Rossiya yetakchiligidagi xalqaro tashkilot va bloklarda qatnashishdan bosh tortib kelayotgan O’zbekistonga nisbatan bosimni kuchaytirish lozim degan qarash kuchli.

Leonid Savinga ko’ra, buning uchun Moskva yetarli bosim vositalari bor, masalan, Rossiyada mehnat qilayotgan o’zbekistonlik mehnat muhojirlariga taqiq qo’yish mumkin yoki O’zbekistondan kelayotgan meva-sabzavotlar xaridini to’xtatish.

Rossiyada mehnat muhojirlariga nisbatan millatchilik, ularni kamsitish va mamlakatdan haydash kayfiyati azaldan mavjud. Bunday munosabat ortida aslida Kreml va rus siyosiy doiralari turgani ta’kidlanadi. Migrantlar nazarida so’nggi paytda millatchilar nishoni aynan o’zbeklarga qaratilgan.

Islom Karimov
Islom Karimov
Rossiyada tashkil topgan “Yoshlar” harakati O’zbekiston prezidentiga ochiq xat yozib, yordam so’ramoqda. Elchixona va vakolatxonalar fuqarolar dardini eshitsin va zarur ko’mak ko’rsatsin, deyiladi bu maktubda.

Rossiyada ro’yxatdan o’tgan "Taraqqiyot" partiyasi rahbari Abdujabbor Ismoilov fikricha, Toshkent Moskva bilan mehnat muhojirlari yuzasidan ochiq gaplashib olishi kerak. Bu masalani orqaga surib bo’lmaydi, deydi u.

“O’zbeklarga nisbatan bosimlar alohida ko’rsatkichga ega deyishga sabab, agar tojikistonlik muhojirlar bilan bo’gliq vaziyatni solishtirib ko’rsangiz, ularning hukumatlari o’rtasida o’zaro tushunish mavjudligini ko’rish mumkin. Misol uchun, yaqindan tojikistonlik fuqarolar uch yilgacha Rossiyadan ishlash imkoniyatiga ega bo’lishdi. Qirg’izistonlik muhojirlarga nisbatan ham munosabatni bilasiz. Umidsizlik faqat o’zbekistonliklar orasida. Hukumat ularni dangasaga chiqarib qo’ygan… Davlat ular himoyasi uchun nimadir qilishi kerak ”, - deydi Ismoilov.

O’zbekiston va Rossiya munosabatlari ayni paytda rasman ittifoqchilik maqomiga ega. Ammo so’nggi yillarda bu aloqalarga ancha darz ketdi. O’zbekiston Rossiya yetakchiligidagi blok va ittifoqlarni tark etdi.

Toshkent Rossiya ta’siriga tushib qolmaslikka va xalqaro aloqalarni mustaqil rivojlantirishga harakat qilmoqda, deya izoh beradi ayrim tahlilchilar.
  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG