Breaking News

Yevropa ahli iqlim va atrof-muhit uchun jon kuydirmoqda


Bryusellik namoyishchilar hukumatni iqlim o'zgarishiga qarshi qattiqroq siyosat yuritishga chaqirmoqda
Bryusellik namoyishchilar hukumatni iqlim o'zgarishiga qarshi qattiqroq siyosat yuritishga chaqirmoqda

Yevropa ahli ko’cha namoyishlarida va internet kengliklarida faollik ko’rsatib, hukumatlaridan iqlim o’zgarishiga qarshi qattiqroq chora ko’rishni talab qilmoqda.

Xalqaro hayot - 1-fevral, 2019-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:05:53 0:00

Fransiya fuqarolarining Prezident Emmanuel Makrondan ko’ngli sovimoqda. Ularning aytishicha, davlat rahbari iqlim o’zgarishiga doir va’dalarining ustidan chiqmayapti.

Iqlimning keskin o’zgarayotganidan tashvishlangan parijliklar yomg’irga pisand qilmay ko’chaga chiqdi.

“Hukumat yetarlicha harakat qilyapti deb o’ylamayman”, - deydi Veronika Vil ismli bu ayol.

Bu kabi namoyishlar Fransiyaning o’nlab shaharlari va qo’shni Belgiyada o’tdi, minglab odam qatnashdi.

Germaniya va Shveysariyada esa ayniqsa talabalar faol bo’ldi, Britaniyada faollar yo’llarni to’sib, Shotlandiya parlamentini ishg’ol qildi.

“Iqlim o’zgarishiga qarshi harakat Yevropani qamrab olyapti, bu quvonarli hol. Demak, fuqarolar iqlim yuzlashayotgan muammolarni ancha tushunib yetyapti”, - deydi Yevropa Ittifoqi rasmiysi Nil Makaroff.

Yevropa yashil inqilobga hozirlik ko’rayotgandek. Qit’a mamlakatlari dunyoning ko’plab boshqa davlatlariga qaraganda zararli gazlar chiqindisini anchaga kamaytirganiga qaramay, mutaxassislar Yevropa hukumatlaridan yanada dadilroq qadamlar kutmoqda.

Makron “Bir sayyora” sammitiga mezbonlik qildi, Tramp ma’muriyati iqlim o’zgarishiga doir Parij bitimidan chiqqanidan so’ng amerikalik olimlarni Fransiyada ishlashga chaqirdi, biroq uning tanqidchilariga ko’ra, Fransiya prezidenti bu borada quruq gapdan nariga o’tmadi.

“Sayyoramizni yana buyuk qilaylik” kabi katta gaplardan tashqari hukumatimiz iqlim o’zgarishiga jiddiy e’tibor bermayapti. Zararli gazlar chiqindisini kamaytirish bobida yetarlicha chora ko’rilmayapti”, - deydi Makaroff.

Shu sabab fuqarolar tashabbusni o’z qo’llariga olmoqda. Ikki million fransuz Makron hukumatini iqlim o’zgarishiga qarshi kurashmayotganlikda ayblab sudga berishni ko’zlovchi murojaatnomani imzoladi.

“Sayyoramizni, iqlimni saqlab qolmoqchimiz. Shu bilan birga, xalqimiz, birdamligimizni ham. Muammo yechimiga hissa qo’shishni istaymiz”, - deydi faollardan biri.

Iqlim o’zgarishi fransiyalik yoshlarni ham uyushishga majburlamoqda.

“Xavotirdamiz. Shu sabab ortiq kutolmaymiz. Rahbarlarimizga, siyosatchilar va sanoatchilarga bosim qo’yish uchun uyushishimiz kerak”, - deydi ekologiya bilan shug’ullanuvchi tashkilotlardan birining vakili Lyudovik Beyl.

Iqlim o’zgarishiga qarshi namoyishlar yoqilg’iga qo’yilgan soliqdan norozi “sariq nimchalilar” harakati chiqishlariga to’g’ri kelmoqda. Hukumat atrof-muhitni asrashga qaratilgan choralarni moliyalash maqsadida benzinga qo’shimcha soliq solgan.

Ba’zi kuzatuvchilarga ko’ra, bu ikki guruh ayni maqsad uchun kurashmoqda – ijtimoiy adolat va yaxshiroq dunyo uchun.

Biroq bu namoyishlardan foyda bo’ladimi, siyosatchilar harakatga tushadimi, hozircha noma’lum.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG