BMTning qochqinlar bo'yicha oliy komissariati ma'lumotiga ko'ra, joriy yilda 700 ming odam boshpana so'rab Yevropaga borishi mumkin, kelasi yili ham shuncha odam kutilmoqda.
Boshqarma migrantlar ehtiyojlari uchun 128 million dollar kerak, demoqda.
Hozircha Yevropaga 520 mingdan ziyod odamning yetgani ma'lum. Shularning yarmi Suriyadan. 3000 nafari yo'lda nobud bo'lgan.
Qochqinlar O'rta dengiz orqali avval Italiya va Gretsiyaga kelmoqda, so'ng quruqlik bilan G'arbiy Yevropa, asosan, Germaniyaga yo'l olmoqda.
Bugun Gretsiya hukumati poytaxt Afina markazidagi Viktoriya maydonida kun kechirib kelgan 400 dan ziyod migrantni olimpiya stadioniga ko'chirishga qaror qildi. Qochqinlarning aksariyati Suriya va Afg'onistondan. Bugun ular avtobuslarda 2004-yilda yozgi Olimpiya musobaqalari o'tkazilgan Galatsi majmuiga olib borilib, joylashtirildi.
Fuqarolar migrantlarning ko'chada chodir qurib o'tirganidan shikoyat qilib kelgan.
BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun kecha Bosh Assambleya sessiyasida shu mavzuni ko'tarib, Yevropa davlatlaridan qochqinlarga muruvvat ko'rsatishni so'radi.
Unga ko'ra, Suriyada fuqarolar urushi, terrorizm, Afg'onistonda beqarorlik odamlarni Yevropaga qochishga majbur qilmoqda. Pan Gi Mun davlatlarni gumanitar inqirozni keltirib chiqargan shu muammolar bilan shug'ullanishga chaqirdi.
Sanoatlashgan yetti davlat hamda Fors ko'rfazi bo'yida joylashgan mamlakatlar qochqinlarga yordam berayotgan BMT idoralariga 1,8 milliard dollar va'da qildi. Yaponiya 810 million dollar berishini bildirdi.
Migrantlarning aksariyati yengil kiyingani, Yevropa qishiga tayyor emasligi xavotir bilan tilga olinmoqda.