Joriy yilda taxminan 500 ming qochqin Yevropaga kirishi kutilar ekan, qit'aning turli chekkalarida bugun namoyishlar kuzatilmoqda.
Inson huquqlari faollari, siyosatchilar, san'atkorlar va oddiy odamlardan iborat olomon London ko'chalarida plakatlarni ko'tarib chiqdi - "Chegaralarni Oching", "Qochoqlar xush kelibsiz", "Bosh vazir sharmanda", "Qani odamgarchilik".
Britaniya Bosh vaziri kelasi besh yilda 20 ming suriyalik qochqinni qabul qilamiz, deydi.
Daniya va Shvetsiyada ham minglab odam qochqinlarga yordamni oshirishni talab qilib, namoyishga chiqdi.
Polsha poytaxti Varshavada shuning aksi - qariyb besh ming odam Yaqin Sharq va Afrikadagi mojarolardan qochib kelayotganlarga joy yo'q, deb aksiya o'tkazdi.
Germaniya kansleri Angela Merkelga ko'ra, qochqinlarni joylashlashtirishda qit'aning barcha davlatlari teng hissa qo'shmog'i lozim. Germanya shu yilning o'zida 800 ming qochoqqa boshpana berishi kutilmoqda.
Yevropaga kirib kelayotgan qochqinlar oqimini to'xtatish uchun Yevropa Ittifoqi Suriyaga qo'shni o'lkalarga katta miqdorda yordam ajratishi lozim, deydi Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban.
Uning aytishicha, suriyalik qochqinlarga Turkiya, Livan va Iordaniyada allaqachon joy berilgan va ularning hayoti xavf ostida emas. Yevropaga otlanganlari esa shunchaki yaxshiroq hayot va imkoniyat istaydi, deydi Orban.
Yevropa Ittifoqi parlamenti 160 ming odamni 28 davlat orasida taqsimlash rejasini ma'qullagan, biroq ayrim davlatlar, jumladan, Chexiya, Polsha, Vengriya va Slovakiya majburiy kvotalarga keskin qarshi.
Avstriya kansleri Verner Fayman so'zlariga ko'ra, qit'aga kelgan minglab odamlarni iqtisodiy migrantlar deb ta'riflash to'g'ri emas. Ular urushdan qochib kelgan va boshpana olishga haqli, deydi u. Eng ko'p qochqinlarni qabul qilayotgan Germaniya hamda Shvetsiya va Lyuksemburg hukumatlari ham shu fikrda.
Majburiy kvotalarga Daniya va Britaniya ham qarshi chiqmoqda. Daniya shu hafta uch ming qochqinni qabul qilib, so'ngra chegarani yopib qo'ydi. Qo'shma Shtatlar kelasi yil oxirigacha 10 ming suriyalikni qabul qilishga rozi.