Yevropadagi ayrim mamlakatlar AQSh saylovida Donald Tramp g’alaba qozonishini xavotir bilan kutmoqda.
Uning birinchi prezidentligi paytida AQSh-Yevropa savdo aloqalarida ziddiyatlar kuzatilgan, Tramp yevropaliklar mudofaaga ko’proq sarmoya qilishi kerakligini aytib, NATOga badalini oshirishdan qochgan mamlakatlarni Amerika himoya qilmaydi deb do’q-po’pisa qilgan.
Ayrim mutaxassislar Tramp Oq uyga qaytsa, Yevropaga tariflar solishini, Ukrainani Rossiya bilan muzokara qilishga majburlashini va Ukrainaga yordamni to’xtatishini taxmin qiladi.
“Tramp yoshi o’tishi bilan radikalroq, xavfliroq, badjahlroq degan tushuncha mavjud. Yevropaliklar qit’a kelajagidan, NATO kelajagidan, Rossiya tahdididan xavotirda”, - deydi fransiyalik tahlilchi Nikol Basharan.
Kuzatuvchilar nazarida, Yevropa rahbarlari saylovda vitse-prezident Kamala Harrisga omad tilamoqda, amaldagi prezident Jo Bayden paytida bo’lgan transatlantik birdamlikni saqlab qolishga umid qilmoqda.
“Harrisning g’alabasidan Yevropada hamma yengil tortadi deb o’ylayman. Ammo tashqi siyosatga kelganda Harris saylov shtabi mohiyat haqida gapirmadi. Yevropada ko’plar uchun Harris ochilmagan kitobday”, - deydi Germaniyaning Marshal jamg’armasidan Gezin Veber.
Trampning ham Yevropada tarafdorlari bor. Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban Tramp saylovda g’alaba qozonsa, shampan vinosini ochishini aytgan.
Ba’zi kuzatuvchilar Yevropa o’z harbiy va iqtisodiy mudofaasini kuchaytirishga zo’r berishi, AQShga tobelikni kamaytirishi kerak degan fikrda.
Harris va Tramp latinolarni o’z tomoniga og’dirishga zo’r beryapti
Saylovga to’rt kun qolganda Kamala Harris va Donald Tramp AQSh janubi-g’arbida bo’lib, ispanzabon saylovchilar ko’nglini ovlashga harakat qildi.
Harris Arizona va Nevadaga bordi, Trampning abort va chegara xavfsizligiga doir siyosatini tanqid qildi. Las-Vegas shahrida uni qo’llab-quvvatlash uchun sahnaga Jennifer Lopes chiqdi.
Taniqli xonanda Trampning Nyu-Yorkdagi namoyishida puerto-rikoliklar haqida qilingan hazilni irqchilik deb qoraladi.
Amerikaning ispanzabon aholisi odatda demokratlarga ovoz beradi, biroq so’nggi paytda Tramp ham ular orasida obro’ qozonmoqda. Shu oy o’tkazilgan ommaviy so’rov natijasidan ma’lum bo’lishicha, ro’yxatdan o’tgan ispanzabon saylovchilarning 38 foizi Trampga ovoz berishini bildirgan. Bu to’rt yil oldingi saylovdan 6 foiz ko’p.
Bu elektoratning 54 foizi 2020-yilda demokrat Jo Baydenga ovoz bergan, 50 foizi hozir Harrisni qo’llab-quvvatlashini bildirgan.
Nyu-Meksiko odatda demokratlarga ovoz beruvchi shtat bo’lsa-da, Tramp u yerga borib latino aholini o’ziga qaratishga urinib ko’rdi. U Harris kabi Arizona va Nevadaga ham bordi.
"AQShni bosib olishdi. Ular minglab sonda kelmoqda bu yerga”, - dedi u noqonuniy migrantlarni nazarda tutib.