Breaking News

Yevropa Ittifoqi vaksina tanqisligi bilan yuzlashmoqda


Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlarda koronavirusga qarshi emlash dasturi sust kechmoqda, vaksina yetishmayapti. Fevral oyining birinchi haftasiga kelib, ittifoq aholisining atigi 4 foizi birinchi doza bilan emlandi. Misol uchun, AQShda bu ko’rsatkich 11 foizga, Buyuk Britaniyada esa 17 foizga teng.

“Yevropa Komissiyasi farmatsevtika kompaniyalari bilan vaksina xususida to’g’ri muzokara qila olmadi degan fikr tug’ilmoqda. Biroq vaksinalarni shoshmasdan tasdiqlash ongli qaror edi. Rasmiylar jarayon sekin kechishini, bu esa o’z navbatida vaksina ta’minotini susaytirishini bilishgan”, - deydi Londondagi Qirollar kollejidan Mett Bevington.

Bryussel Yevropada vaksina ishlab chiqaruvchi kompaniyalarga vaksinani boshqa mamlakatlarga yuborishdan oldin avval Yevropa Ittifoqi oldidagi barcha majburiyatlarini bajarish shartini qo’ygan. Qonunchilar oldida so’zlagan Yevropa Komissiyasi prezidenti Ursula fon der Leyen xatoliklar bo’lganini ham tan oldi.

“Vaksinalarni kech litsenziyaladik. Vaksina biz kutgan miqdorda ishlab chiqarilishiga, o’z vaqtida yetkazilishiga qattiq ishonib yubordik”, - dedi u.

Biroq rasmiy Yevropa Ittifoqining umumiy strategiyasini himoya qildi.

“Vaksinani yevropaliklar uchun bir paytda buyurtirganimiz to’g’ri bo’ldi. Ittifoqqa a’zo kattaroq mamlakatlar bu ishga birinchi bo’lib qo’l urib, qolganlar qo’li bo’sh qolishini tasavvur qila olmayman. Shunday bo’lgan taqdirda, Yevropa bozori, Yevropa birligi darz ketardi”, - deydi fon der Leyen.

Tahlilchi Bevingtonning aytishicha, hozirgi yondashuv ittifoq orasida ziddiyatlarning oldini oldi.

“Hamma o’zini o’ylaganida edi, ayrim mamlakatlarga vaksina ko’proq tegib, boshqalari umuman vaksinasiz qolardi”, - deydi ekspert.

Bu o’rtada Yevropa Ittifoqining tashqi siyosatga mas’ul rasmiysi Jozep Borell ba’zi rasmiylar e’tiroziga qaramasdan o’tgan hafta Rossiyaga borgani uchun tanqidga uchramoqda.

Borellning Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan matbuot anjumani bilan bir paytda Yevropa Ittifoqining uch diplomati Rossiyadan haydalgani ushbu tanqidlarni yanada kuchaytirdi.

Diplomatlar qamoqdagi muxolifatchi Aleksey Navalniy tarafdorlari qatnashgan namoyishga chiqqani uchun jazolangan.

“Siz u yerga bordingizu, Sergey Lavrov qopqoniga tushdingiz”, - dedi Yevropa Parlamentining polshalik deputati Anna Fotiga.

Yevropa Ittifoqi Xitoy va Rossiyaning koronavirusga qarshi vaksinalarini ko’rib chiqmoqda. Ayni paytda Yevropaning ittifoqqa kirmagan mamlakatlari bu vaksinalardan foydalanmoqda. “Sputnik V” vaksinasi martga borib tasdiqlanishi mumkin, deydi ayrim kuzatuvchilar. Rossiya vaksinasini Germaniya bilan hamkorlikda Yevropa uchun ishlab chiqarishga umid qilmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG