Breaking News

AQShda ijarachilarga ko’mak dasturi davom etyapti


AQSh: Ijarachilarni haydab chiqarishga ruxsat yo’q
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:34 0:00

Pandemiya davrida AQShda ijara haqini to’lolmagan odamlarni uydan haydash taqiqlandi, ularga moliyaviy yordam taklif etildi. Bu dastur muddati bir necha bor uzaytirilgan va hozirgacha davom etmoqda.

AQSh aholisining taxminan uchdan bir qismi ijarada yashaydi. Koronavirus pandemiyasi tufayli ayrimlar ishidan ayrilib, ijara haqini to’lay olmayapti. Kaliforniyada bundaylar yarim millionni tashkil etadi.

“Har kuni mavhumlik ichida yashaymiz. Endi nima bo’ladi degan o’y-xayollar. Boshqa biror narsa haqida o’ylash qiyin”, - deydi ijarada yashaydigan Jeylin Beyli.

Ijarada turganlar chiqarib yuborilmasligi uchun, jumladan, Kaliforniya ham moratoriy joriy etgan. Ijarani to’lashga yordam beruvchi dastur bor.

“Pandemiyadan ziyon ko’rganlar, daromadidan ayrilgan yoki xarajatlari oshgan bo’ladimi, dasturga murojaat qilishi mumkin”, - deydi Elena Pop.

Uning tashkiloti ijarachilarga o’z huquqlari uchun kurashishga yordam beradi va Kaliforniyada moratoriy muddati uzaytirilganidan mamnun.

Lekin, deydi Pop, uy egalari yangi mijozdan ko’proq pul olish uchun hanuz turli bahonalar bilan odamlarni yashab turgan joyidan haydashga harakat qilmoqda.

“Ko’pincha ijarachidan ko’proq haq olishni istagan uy egalari hamkorlik qilishdan bosh tortadi. Ularning maqsadi - yashab turgan odamni chiqarib yuborish, bozor ko’tara oladigan yangi narxni belgilash. Hukumatdan yordam so’rab ariza to’ldirgan mijozlarimiz ko’p, lekin uy egalari o’z majburiyatini bajarmayapti”, - deydi Pop.

Uy egalari ham vaziyatdan shikoyat qiladi. Ularning aytishicha, ko’plab ijarachilar hatto yordamni olish uchun arizani to’ldirmagan.

“Telefonni ko’tarishmaydi, gaplashgisi kelmaydi. Qonun bo’yicha men ijarachiga yaqinlasha olmayman, biror narsaga majburlay olmayman. Haydash taqiqlangan. Lekin pulimni olishim uchun, ularga ariza to’ldiring deb murojaat qilishim kerak”, - ko’chmas mulk egasi deydi Dmitriy Kuperman.

Mizojidan pulini ololmagan uy egalari bankdan kredit ham ololmaydi. Natijada ko’pchilik biznesini kengaytira olmaydi. Bankrotlikka yuz tutishi ham mumkin. Yana bir muammo – hamma ijarachilar ham yordam olishga loyiq emas va bu haqda kech xabar topadi.

“Ijarachilar yo formani to’ldirmaydi, yo to’ldirsa ham daromadi yuqori bo’lgani uchun yordam olish talablariga javob bermaydi. Ko’pchilik shunchaki ijarani to’lamay qo’ygan. Hozirda eng katta muammo shu. Dasturda pul bor, lekin barcha ijarachilar ham undan foydalana olmaydi”, - deydi Kaliforniya Kvartiralar uyushmasi vakili Debra Karlton.

Kaliforniyada ijarachilarni uydan majburan chiqarishga taqiq 30-sentabrgacha uzaytirildi. Faollarga ko’ra, bu muddat yana uzaytirilmasa minglab odam ko’chada qoladi. Ikkinchi tomon esa moratoriyni tugatish uchun kurash olib bormoqda.

“Moratoriy uzaytirilishiga rozi bo’lmaymiz. Dastur tugaganidan keyin shundoq ham muddati ikki marta uzaytirilgan. Kaliforniyada 100 mingdan ortiq ish o’rinlari yaratilgan, bizneslar ishchi kerak deb e’lonlar berishyapti. Ishga kiring va ijarani to’lang”, - deydi Karlton.

Ayni paytda shtat mutasaddilari yordam dasturi uchun ajratilgan 7 milliard dollar pulni tarqatish bilan band.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG