“Coca-Cola”, “Adidas”, “Ford”, “Lego” kabi yuzlab kompaniyalar “Foyda olish uchun adovatni to’xtat” kampaniyasi doirasida “Facebook” va unga qarashli “Instagram” ijtimoiy sahifalarida iyul oyida reklamalarini to’xtatmoqda. Ular “Facebook”dan o’z sahifalarida nafrat qo’zg’atuvchi postlar, yolg’on xabarlar, fitnali ma’lumotlarga to’siq qo’yishni talab qilmoqda.
“Adovatli bayonotlar, irqchi postlar, oq tanli irqchilar postlari, turli xil yolg’on va insofsiz siyosiy reklamalar “Facebook” sahifalarida keng tarqalmoqda. Biz Amerikadagi yirik kompaniyalarga murojaat qilib, hech bo’lmaganda bir oy reklamada tanaffus e’lon qilishni so’radik”, - deydi boykot tashkilotchilaridan biri Jim Stayr.
Boykotchilar “Facebook” rahbari Mark Tsukerbergdan “Facebook”da ushbu holatlarni qattiq nazoratga olishni, ayniqsa saylovga doir yolg’on ma’lumotlarni topib o’chirishni talab qilmoqda.
“Kichik o’zgarishlar “Facebook”ka ham foydali bo’ladi. Kompaniya saylov paytida odamlarni yo’ldan urayotganlarga sherik bo’lib ko’rinishni istamaydi”, - deydi tahlilchi Yel Ayzenstat.
“Facebook”ni yaxshilashga, mukammalashtirishga hamisha da’vatlar bo’lib kelgan. Ba’zilar uni nazorat qilishga chaqiradi. Boshqalar esa kompaniyani bo’lib, aksiyalarning boshqaruv paketiga egalik qiluvchi Tsukerbergni boshqaruv kengashiga bo’ysundirish kerakligini aytadi. Yana kimdir kompaniyaga axloqshunoslarni yollab, qarorlar qabul qilishda ularga vakolat berishni taklif etadi.
“Muayyan qadriyatlar to’plami bor deb o’ylamayman. Bo’lsa yaxshi bo’lardi. Bunday qadriyatlar yaxshilikni targ’ib qilishga, inson huquqlarini himoya qilishga, kompaniyani to’g’ri yo’lga boshlovchi tamoyil sifatida xizmat qilishga yordam berardi”, - deydi Santa-Klara universitetidan Don Xayder.
“Facebook” nafratli postlarga qarshi ekanini bildirib, bunday ma’noga ega reklamalar yuzerlarga yetib bormasdan avtomatik ravishda o’chirilishini eslatdi. Yaqinda kompaniya tashqi auditga rozi bo’ldi. Boykot tashkilotchilaridan biri “Facebook”ning zararli materiallarga qarshi qanday kurashayotganini mustaqil ravishda tekshirishni talab qilgan.
“Facebook” qoidaga zid ravishda qo’yilgan materiallar, saylangan rasmiylar tomonidan qo’yilgan bo’lsa ham, olib tashlanishini, kompaniya nazarida zo’ravonlikka yoki saylovchilarning ovoz berish huquqidan mahrum bo’lishiga yetaklovchi postlar o’chirilishini ham ma’lum qildi.
Tanqidchilar bu choralar kamlik qilishini aytadi.
“Ko’p narsani o’zgartirsa bo’ladi, ammo xohlasharmikan? “Facebook” ma’lumotlarni tarqatishga, odamlar bilan aloqa qilishga doir barcha yozishmalar ustidan monopoliyani qo’lda saqlab turarkan va dunyoda eng yirik va hukmron kompaniya bo’lishda davom etarkan, o’zgarishlarga rozi bo’larmikan?” – deydi Yel Ayzenstat.
Boykot tashkilotchilariga ko’ra, ularning kampaniyasini xorijdagi shirkatlar ham qo’llab-quvvatlamoqda va bu harakatdan davomiy natija chiqishini bilish uchun vaqt talab etiladi.
Facebook Forum