O’tgan oy “Facebook” ijtimoiy internet tarmog’i odam organiga muhtoj bemorlar uchun buyrak ehson qilish aksiyasini o’tkazdi.
Buyraklaridan birini berish istagida bo’lgan foydalanuvchilar “Facebook”dagi sahifalarida bu niyatlari haqida ma’lumot qoldirishlari so’ralgan. Ko’plab tahlilchilar fikricha, internetdagi aksiya buyrak donorlari sonini oshirishi mumkin. Ammo bu ish ortida etikaga oid va tibbiy xavotirlar ham borligini aytishmoqda.
Birgina AQShning o’zida 114 ming bemor organ transplantatsiyasi uchun donorni kutib yashaydi. Aksariyatiga buyrak kerak. Buyrak donorlari ikki xil yo’l bilan topiladi: o’z ixtiyori bilan bir buyragini berishga rozi bo’lgan tirik donorlar yoki o’limidan so’ng tana a’zosining boshqa odamlarga berilishiga rozi bo’lgan donorlar.
Har kuni Amerikada 18 odam buyrak topilmagani oqibatida vafot etadi. O’limlar sonini kamaytirish maqsadida “Facebook” buyrak donorlari harakatini boshladi. “Facebook” foydalanuvchilari soni bir milliardga yaqinlashar ekan, organ transplantatsiyasi mutaxassislarining umid qilishicha, “onlayn” aksiya tirik buyrak donorlari sonini oshirishga xizmat qiladi.
Virjiniyada joylashgan “Amerikaga hayot baxsh et” tashkiloti vakili Deyvid Flemingning aytishica, “Facebook” orqali buyrak donoriga aylanish bir inson hayotini saqlab qolish yo’lidagi imkoniyatdir.
“Facebook” bu harakatni boshlashidan oldin ham odamlar buyrak donorlarini qidirishda ushbu ijtimoiy tarmoqdan unumli foydalanishgan. O’tgan yil oktabr oyida Chikagodagi Loyola universiteti tibbiy markazi “Facebook”dagi buyrak donorligiga oid 90 ta sahifa ustida tadqiqot o’tkazdi. Izlanishdan buyrak qidiruvchilar soni ikki yoshdan 69 yoshgacha ekani aniqlandi.
Tadqiqotchi Aleks Changning aytishicha, organga muhtoj yuzerlarning 12 foizi “Facebook” orqali buyrak topgan bo’lsa, yana 30 foizi uchun bir qancha “Facebook” foydalanuvchilari o’z buyragini berishga tayyor ekanini aytgan. Yosh bola uchun buyrak topish maqsadida ochilgan bir sahifada donor bo’lishga tayyor odamlar soni 600 taga yetgan.
O’z buyragini ehson qilishga rozi odamlarning aksariyati samimiy bo’lsa-da, “Facebook” orqali organ almashtirishdek nozik masala haqida gap borganda, bunday odamlar bilan ehtiyotkor muomalada bo’lish kerak, deydi tadqiqotchi Chang. Uning aytishicha, buyrakka muhtoj bemorlar “Facebook”dagi sahifalarida, odatda, tibbiy muolajalariga oid shaxsiy ma’lumotlarini ommaga oshkor qiladi. Rivojlanayotgan o’lkalardan organ va’da qilgan ayrim odamlarning takliflari shubhali, deydi Chang.
“Ba’zilar juda samimiy ko’rinadi. Masalan, men kollejimni bitirishim kerak, menga shuncha pul kerak, deb aytishadi. Uzoq o’ylab, buyrak berish bilan bog’liq xavflarni bilib, nihoyat sizga buyragimni sotishga qaror qildim, deydi ular. Bilasizki, bu noqonuniy. Chunki AQShda organ sotish taqiqlangan”, deydi u.
1984-yil Kongress tomonidan Organ transplantatsiyasiga oid qonun qabul qilingach, AQShda tirik odamlardan buyrak sotib olish taqiqlangan. Changning aytishicha, buyragini sotmoqchi bo’lgan odamlar bir a’zo uchun o’rtacha 30-40 ming AQSh dollari so’raydi.
Loyola universiteti tadqiqoti natijalari AQSh buyrak jamg’armasining yaqinda o’tgan yig’ilishida jamoatchilikka taqdim etildi. “Facebook”ning buyrak donorlari aksiyasidan may oyi o’rtalarigacha 100 mingdan ortiq yuzer hayotlik davrida o’z buyragini berishga rozi bo’lgani ma’lum bo’ldi.